Huawei 1
O‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaning Hyundai kompaniyasiga ishga jalb qilinadi

Janubiy Koreyaning “Hyundai” kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qiladi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlikda Koreyaning Ulsan shahar hokimligi va “Hyundai Heavy Industries” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning sentabr oyida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida shahar hokimligi fuqarolarga ishchi vizalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri berishga tayyorlanmoqda. O‘zbekistonliklar elektrotexnika, avtomobilsozlik, kemasozlik, neftni qayta ishlash, kimyo hamda neyron texnologiyalar sohalaridagi ishlarga joylashtiriladi.

“Hamkorlikning asosiy talabi — Koreyaning migratsiya va mehnat qonunchiligini buzmaslik, barchasi ko‘ngildagidak bo‘lsa, biz salohiyatli ishchi kuchini kasbga tayyorlash uchun O‘zbekistonga investitsiya kiritish va munosib ish bilan ta’minlashga tayyormiz”, — dedi “Hyundai"ning xorijlik ishchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi vitse prezidenti Kim Seong Hoon.

Nomzodlar uchun mamlakatda “Ulsan shahar kasb-hunarga o‘qitish markazlari” tashkil qilinib, ularda malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Loyihaga shahar hokimligi hamda “Hyundai Heavy Industries” mablag‘lari jalb qilinadi.

Hokimlik vakili kelishuv asosida dastlab “Hyundai” kompaniyasiga kamida 350 nafar mutaxassis yetkazib berilishini, loyiha o‘zini oqlasa, “Kia” hamda “Samsung” kabi kompaniyalarga ham minglab ishchilarni jalb qilish mumkinligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, o‘zlarini yaxshi ko‘rsatgan ishchilarning vizalari E-9 (noprofessional) vizasidan E-7 (professional) vizasiga o‘tkazilishi, cheklanmagan vaqt Koreyada ishlashi va oilasini olib borishi mumkin bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112817 | Инструменты