“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputati Muhammad Valiyev propan narxi keskin oshgani yuzasidan masʼul idoralarga so‘rovlar yubordi, deb xabar bermoqda partiya matbuot xizmati.
So‘rovlar Energetika vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Bosh prokuraturaga yo‘llangan.
Maʼlum bo‘lishicha, propan narxi oxirgi oylar davomida ikki barobarga qimmatlashgan bo‘lib, bu holat ko‘plab isteʼmolchilar uchun iqtisodiy-ijtimoiy muammolar keltirib chiqarmoqda, deyiladi so‘rovda.
"Mazkur holat nafaqat bozor mexanizmlari shaffofligini taʼminlash zarurligini ko‘rsatadi, balki kuz-qish mavsumida yonilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan ehtiyojning ortishi munosabati bilan logistika jarayonlarini yana-da samarali tashkil etish, tannarx shakllantirishda shaffoflikni taʼminlash va bozorda noqonuniy harakatlarning oldini olish kabi dolzarb vazifalarni hal qilishni talab qiladi", deyiladi xabarda.
So‘rovlarda narxlarning ko‘tarilishi sabablari, vaziyatni barqarorlashtirish va shaffoflikni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi savollar bor.
Xususan, ularda quyidagi savollar ko‘tarilgan:
- Nima sababdan kuz-qish mavsumida gaz quyish shoxobchalarida propan narxining keskin oshib ketishiga nisbatan tezkor choralar ko‘rilmadi?
- Narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha ishlar qachon amalga oshiriladi?
- Narxni shakllantirish jarayonida shaffoflikni taʼminlash va sunʼiy taqchillikka yo‘l qo‘ymaslik uchun qanday nazorat tizimi ishlab chiqilgan va nima sababdan bu tizim ishlamayapti?
- Gaz quyish shoxobchalarida yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari shakllanishi haqida aholini keng xabardor qilish, bu boradagi axborotni, tushuntirish ishlarini ochiq manbalarda muntazam eʼlon qilib borish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?
Alpha version: 0.9.1.19 build 112818 | Инструменты