“O‘zmilliybank” 2027-yilda kreditlar hajmini 43 trillion so‘mga yetkazadi

Joriy yilda “O‘zmilliybank” tomonidan mijozlarga jami 38,5 trillion so‘m, jumladan, yuridik shaxslarga 28,2 trillion so‘m, jismoniy shaxslarga 10,3 trillion so‘m kredit ajratish rejalashtirilgan.

O‘tgan davrda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini, jumladan, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha 2 mingta loyihaga 15 trillion so‘m kredit yo‘naltirildi. Qurilish sohasidagi 235 ta loyihani moliyalashtirish uchun 1,7 trillion so‘m ajratildi.

Yoshlarni, ayniqsa, ta’lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlikka jalb qilish va ularning biznes tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilda bank tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar orqali 306 ming nafar bitiruvchining bandligi ta’minlangani qayd etildi. Bank tomonidan yoshlar va bitiruvchilarning biznes loyihalariga ajratiladigan kreditlar hajmini 618 milliard so‘mga yetkazish, bu orqali qariyb 10 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Bankka biriktirilgan 1 ming 188 ta mahallada aholini tadbirkorlikka jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan 13 mingta mikroloyiha shakllantirilgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 2,8 trillion so‘m kredit yo‘naltirish hamda 178 ming nafar aholining bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.

Kelgusi yilda bank tomonidan ajratiladigan kreditlar hajmini 43 trillion so‘mga yetkazish, jumladan, iqtisodiyotning real sektoriga 18 trillion so‘m, infratuzilma loyihalariga 5 trillion so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Davlat rahbari bank resurslarini, avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi loyihalarni moliyalashtirish, iqtisodiyotning eksport salohiyatini oshirish, aholining tadbirkorlik faolligini rag‘batlantirish va barqaror ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirish muhimligini ta’kidladi.

Bank rahbariyatiga kredit mablag‘larining iqtisodiy samaradorligini oshirish, istiqbolli loyihalarni shakllantirish va amalga oshirishda tadbirkorlarga ko‘maklashish, mahallalarda aholi daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha moliyaviy ko‘mak ishlarini yanada jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112700 | Инструменты