O’zbekistondagi 5 ta axborot tizimi yagona “Raqamli qoʻriqlash” tizimi sifatida joriy etilishi mumkin

Soʻnggi 10 yilda mamlakatda ijtimoiy va savdo obyektlari soni 150 mingdan 500 mingtaga, uy-joylar soni esa 1,5 milliondan 8 milliontaga koʻpaydi. Tun-u kun faoliyat yuritadigan savdo va xizmat koʻrsatish koʻchalari soni 255 taga yetdi.

“Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz poytaxt”, “Obod va xavfsiz mahalla” hamda “Xavfsiz xonadon” dasturlari doirasida jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, qoʻriqlash obyektlarining soni 194 mingtadan 337 mingtaga, tezkor harakatlanuvchi guruhlar soni esa 533 tadan 630 taga yetkazildi, 6,5 mingta mahallada patrullik xizmati yoʻlga qoʻyilib, 58 ming nafar qorovulning malakasi oshirildi.

Qolaversa, qoʻriqlash xizmatlarining bugungi qamrovi va turlari aholi hamda tadbirkorlarning ortib borayotgan ehtiyojlarini toʻliq qondirmayapti.

Xizmatlar asosan davlat obyektlarini qoʻriqlash bilan cheklanib qolayotgani, sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.

Shu bois, taqdimotda qoʻriqlash faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, aholi, tadbirkorlar, investorlar va sayyohlarning xavfsizligini, mol-mulkining ishonchli himoyasini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.

Avvalo, sohani toʻliq raqamlashtirish, mavjud beshta axborot tizimini birlashtirgan holda “Raqamli qoʻriqlash” yagona axborot tizimini joriy etish taklif qilindi.

Mazkur tizim orqali qoʻriqlash xizmatlari boʻyicha shartnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, toʻlovlarga oid maʼlumotlarni onlayn olish, tezkor guruhlarning harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratiladi.

Davlat rahbari qoʻriqlash tizimini takomillashtirishda, avvalo, inson manfaatlari, aholining osoyishtaligi va mol-mulki daxlsizligini taʼminlash ustuvor vazifa boʻlishi lozimligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga aholi uchun sifatli va hamyonbop xizmatlarni yoʻlga qoʻyish hamda masʼul idoralarning xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqib, hamjihatlikda ishlashini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112617 | Инструменты