O‘zbekistonda 2030-yilgacha xorijiy sayyohlar sonini 20 million nafarga, turizm eksportini esa 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan

Taqdimotda Buxoro shahrining tarixiy markazini rivojlantirish bo‘yicha master-reja va me’moriy yodgorliklarni asrab-avaylash loyihalari ko‘rib chiqildi. Xususan, Ark muzey-qo‘riqxonasida restavratsiya ishlarini olib borish, “Qo‘sh madrasa” me’moriy ansamblini tiklash, Buxoro musiqali drama teatrini rekonstruksiya qilish, Somoniylar bog‘ini obodonlashtirish, shuningdek, Jadidlar merosi davlat muzeyi va Buxoro davlat san’at muzeyini tashkil etish rejalari taqdim qilindi. Tarixiy markazdagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini yagona me’moriy uslubda tartibga keltirish UNESCO talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Shuningdek, 2027-yilda ikkinchi Buxoro xalqaro biyennalesini o‘tkazish konsepsiyasi doirasida Somoniylar bog‘idan Ark qal’asi va Poyi Kalon majmuasi orqali Labi Hovuz ansambligacha bo‘lgan 2,3 kilometrlik yagona madaniy sayr yo‘nalishini shakllantirish, AQSh va Koreya Respublikasi tashkilotlari bilan hamkorlikda madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish hamda 3D modellarini yaratish ishlari haqida axborot berildi.

Mamlakatda turizm sohasidagi ko‘rsatkichlar jadal o‘sayotgani qayd etildi. Joriy yilning o‘n oyida O‘zbekistonga 11,6 million nafar xorijlik sayyoh tashrif buyurgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga koʻp boʻlib, qariyb bir yillik koʻrsatkichga teng. Turizm xizmatlari eksporti 1,5 barobar oshib, 6,1 milliard dollarga yetgan, sayyohlarning o‘rtacha xarajatlari esa 26 foizga ko‘paygan. 2030-yilga qadar xorijlik sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizm eksportini 10 milliard dollarga, sohada band aholini 2 million nafarga yetkazish hamda turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga oshirish maqsad qilingan.

Mas’ullar tomonidan 2 mingdan ortiq tadbirkor bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda elektr energiyasi quvvatlari yetishmasligi, elektr va gaz uchun oldindan to‘lovlar yuqoriligi, mehmonxonalarda valyuta ayirboshlash imkoniyatlarining cheklangani hamda tog‘li hududlarda transport xizmatlari bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilgan. Prezident tadbirkorlar bildirgan har bir masala va taklifni chuqur o‘rganib, aniq yechimlar ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

An’anaviy sayyohlik markazlaridagi yuklamani kamaytirish maqsadida turizm geografiyasini kengaytirish, ekologik, etnografik, agrar, gastronomik, ekstremal, tibbiy, ishbilarmonlik va kinoturizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, “Bir mahalla – bir turmahsulot” tamoyilini joriy etish belgilandi. 2026–2027-yillarda hududlar bo‘yicha 34 ta master-reja ishlab chiqish ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 13 tasi tayyorlangan. Jumladan, Nurota tumanidagi qadimiy Koriz suv inshooti negizida ochiq osmon ostidagi muzey barpo etish, Namanganda gulchilik turizmini rivojlantirish va To‘dako‘l turizm-rekreatsiya zonasini barpo etish loyihalari taqdimot qilindi. Unda hududning tabiiy landshafti bilan uygʻunlashgan mehmonxonalar, dam olish va sogʻlomlashtirish maskanlari, ekoturizm obyektlari hamda suv boʻyida zamonaviy turistik infratuzilmani barpo etish koʻzda tutilgan.

Yangi turizm loyihalari uchun 5 ming gektar yer maydonini auksionga chiqarish, 2030-yilga qadar turizm infratuzilmasiga 3,1 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Turizm loyihalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, unga kelgusi yilda 100 milliard so‘m ajratiladi. Jamg‘arma mablag‘lari yangi sayyohlik maskanlarini barpo etish, tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratish, kredit foizlarining bir qismini kompensatsiya qilish va zamonaviy ko‘ngilochar xizmatlarni subsidiyalashga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, xalqaro aviaqatnovlar va hududlararo transport aloqalarini kengaytirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda yirik xalqaro anjuman va forumlarni sayyohlar oqimi nisbatan kam bo‘lgan davrlarga qayta taqsimlash topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112620 | Инструменты