Huawei 1
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2025-yilda 5,6 foizgacha o‘sishini prognoz qilmoqda

Poytaxtda Osiyo taraqqiyot banki o‘zining "Osiyo rivojlanishi istiqbollari" nashrida O‘zbekistonga bag‘ishlangan taqdimotini o‘tkazdi.

Unda Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatdagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xonim, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) rektori Jasur Solixov va boshqalar mamlakatda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar va uning ko‘rsatkichlariga to‘xtalib o‘tdi.

Osiyo taraqqiyot bankining yetakchi hisobotiga muvofiq, narxlar oshishining uy xo‘jaliklarining ixtiyorida bo‘ladigan daromadga taʼsiri natijasida 2024 yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish surʼatlarining pasayishi kutilmoqda.  

Taqdimotda taʼkidlanganidek, OTB o‘zining "Osiyo rivojlanishi istiqbollari" (Asian Development Outlook – ADO) nomli nashrida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2024 yilda 5,5 foizni tashkil etishini, 2025 yilda esa 5,6 foizgacha o‘sishini prognoz qilmoqda. Bunda tartibga solinadigan narxlar oshishining uy xo‘jaliklari daromadiga taʼsiri tufayli o‘sish sekinlashishi kutilmoqda. Bu esa isteʼmol talabining pasayishiga olib kelishi mumkin.  

Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xonimning so‘ziga ko‘ra, o‘tgan yili sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi barqaror ko‘rsatkichlar tufayli O‘zbekistonda tahsinga sazovor iqtisodiy o‘sish kuzatilgan.

– Ushbu kuchli o‘sishni kuchli investitsiya muhiti va asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini soliqdan ozod qilish bo‘yicha strategik siyosat qo‘llab-quvvatladi. Bu esa qatʼiy pul-kredit siyosati bilan birgalikda inflyatsiyaning sezilarli sekinlashishiga yordam berdi. 2024 yilda o‘sish surʼatlarining sekinlashishi prognoz qilinayotganiga qaramay, iqtisodiy prognozlar ijobiy bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, OTB yashil rivojlanish siyosati O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tishida muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblaydi. Hozirgi vaqtda yashil siyosatning turli vazirliklar va idoralar o‘rtasida bo‘linishi yashil iqtisodiyotga samarali erishish uchun xavf tug‘diradi. Shunday ekan, saʼy-harakatlarni optimallashtirish, muvofiqlashtirishni yaxshilash va mamlakatning barqaror iqtisodiy amaliyotga o‘tish jarayonini tezlashtirish uchun samarali yechim sifatida iqlim siyosati bo‘yicha kengash tashkil etish taklif etilmoqda, – dedi Kanokpan Lao-Araya xonim.  

Taqdimotda xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida o‘sish surʼati sekinlashishi, xususiy isteʼmol va investitsiyalar biroz sustlashishi kutilayotgani taʼkidlandi. Energetika sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va pul-kredit siyosatining qatʼiylashishi taʼsirlarining muvozanatlashuvchi hisobiga inflyatsiya surʼatlarining barqaror darajada saqlanib qolinishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, unda byudjet-soliq siyosati, tushumlar va byudjet taqchilligi bilan bog‘liq masalalar ham tahlil qilingan.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga