O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Qirollik xalqaro munosabatlar instituti (Chatham House) direktori Bronven Maddoks bilan uchrashdi.
Muloqot chog'ida O'zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlari hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Britaniya tomoniga O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizni yanada rivojlantirish bo'yicha strategiyalar haqida batafsil ma'lumot berildi. Bo'lajak parlament saylovlariga, O'zbekistonning dolzarb mintaqaviy muammolar bo'yicha pozitsiyasini oydinlashtirishga alohida e'tibor qaratildi.
Institut rahbari O'zbekiston bilan bugungi hamkorlikni yuqori baholadi. Ekspert, shuningdek, "Chatham House"ning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortib borayotganini qayd etib, mintaqadagi tahlil markazlari bilan birgalikda tadqiqotlar, davra suhbatlari va konferensiyalar o'tkazishga tayyorligini bildirdi.
1920 yilda tashkil etilgan "Chatham House" xalqaro siyosat va xavfsizlik sohasida tadqiqotlar bilan shug'ullanuvchi yetakchi Britaniya tahlil markazlaridan biri hisoblanadi. Institutda davlat, hukumat rahbarlari va yetakchi jahon siyosatchilari muntazam ravishda ma'ruza bilan ishtirok etib, uni global jarayonlarni tahlil qilish va strategik tavsiyalar ishlab chiqish uchun asosiy maydonga aylantirmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122121 | Инструменты