Senatning ikkinchi yalpi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun cug‘urta xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Amaldagi qonunchilikda sug‘urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish organi sudlarda ko‘riladigan majburiy sug‘urta operatsiyalari bilan bog‘liq ishlar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan.
Biroq bu imtiyozlar isteʼmolchilar uchun, yaʼni sug‘urta qildiruvchilar (sug‘urtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) uchun belgilanmaganligi ularni sug‘urta faoliyatiga bo‘lgan ishonchini pasayishiga olib kelmoqda.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Sug‘urta bozorini rivojlantirish departamentiga faqatgina 2023-yilda majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta kompaniyalarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, qariyb 2 ming murojaatlar kelib tushgan.
Ushbu murojaatlarining 1 600 dan ortig‘i transport vositalari egalari tomonidan yozilgan. Murojaatda fuqarolar transport vositalari majburiy sug‘urtalangan bo‘lsa-da, sug‘urta pullari to‘lab berilmayotganligidan norozilik bildirgan.
Fuqarolar tomonidan kiritilgan daʼvo arizalari sudlar tomonidan qanoatlantirilmasa, ular o‘z hisobidan davlat bojini to‘lamoqda. Natijada ushbu fuqaro moliyaviy qiyin holatga tushishini o‘ylab, aksariyat holatlarda sudlarga daʼvo arizasini kiritmay kelmoqda.
Muhokama qilingan Qonun bilan fuqarolik va iqtisodiy sudlarda sug‘urta qildiruvchilar (sug‘urtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) – majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan daʼvolar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etishini belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, Qonun bilan maʼmuriy-hududiy birliklar tuzilganligi yoki tugatilganligi, ularning chegaralari yoki bo‘ysunuvi o‘zgarganligi natijasida tadbirkorlik subyektlarining va boshqa yuridik shaxslarning joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganda ularni qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji undirilmasligi to‘g‘risida norma ham belgilab qo‘yilmoqda.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlarining va boshqa yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy choralarini kuchaytirishga, ularning faoliyatida ortiqcha xarajatlarning oldini olishga, shuningdek, cug‘urta xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122121 | Инструменты