Huawei 1
O‘simliklar karantini sohasiga oid qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda xizmatlar ko‘rsatish sohasiga xususiy sektorni jalb qilish, bu borada tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, karantin ostidagi mahsulotni O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish, mahsulotning fumigatsiyasi (zararsizlantirilishi) bo‘yicha tartib-taomillarni yana-da soddalashtirish, ushbu faoliyatni amalga oshirishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Muhokama qilingan qonun bilan Vazirlar Mahkamasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining o‘simliklar karantini sohasidagi vakolatlari kengaytirilmoqda.

Xususan, eksport qilinadigan karantin ostidagi mahsulotlarning fumigatsiyasi faoliyatini litsenziyalash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqiladigan karantin ostidagi mahsulotning fumigatsiyasi bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berish O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi vakolatiga kiritilmoqda.

Qonunda mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha faoliyatni hamda O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqiladigan karantin ostidagi mahsulotning fumigatsiyasi bo‘yicha faoliyatni litsenziyalaganlik uchun davlat boji miqdori belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi eksport qilinadigan karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya) tadbirlarini xususiy sektorga o‘tkazish orqali ushbu faoliyatning samaradorligini oshiradi.

Shu bilan birga, eksport qilinadigan karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya) faoliyatida raqobat muhitini shakllantirish va xususiy sektor talabiga mos xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122120 | Инструменты