Joriy yilning 7-9-aprel kunlari Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Vengriya davlatida bo‘lib, yetakchi kompaniyalar bilan ikki tomonlama manfaatli muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan safar chog‘ida Denov tumanidagi "Denov Oltin Don" mas’uliyati cheklangan jamiyati "DOPPELMAYR" kompaniyasi bilan qiymati 10 million yevro bo‘lgan osma dor yo‘li loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Yangi loyiha Sariosiyo tumanidagi xushmanzara tog‘lar qo‘ynida joylashgan mashhur Sangardak qishlog‘ida bunyod etiladi. "Turizm qishlog‘i" maqomiga ega Sangardak go‘zal tabiat manzaralari, noyob va betakror sharsharasi bilan dunyoga tanilgan. O‘tgan yili hududdagi maftunkor tabiat qo‘ynida zamonaviy sanatoriy ham qad rostladi. So‘lim bu go‘shada osma dor yo‘lining barpo etilishi hududning betakror go‘zalligini, O‘zbekistonning "Niagrasi" sifatida ta’riflanadigan Sangardak sharsharasini baland tog‘ cho‘qqilaridan tomosha qilib, o‘zgacha zavq olish imkoniyatini yaratadi, sayyohlar oqimini yanada ko‘paytiradi.
Loyiha doirasida daraning tepasidan tog‘ va so‘lim qishloqni tomosha qilish uchun maxsus maydon, tomosha maydoniga chiqish uchun yo‘lak va zinalar, kirish qismiga stella va yengil konstruksiyali mehmon uylari quriladi. Restoran, ot va tuyada sayr qilish, mini sport maydonchalari, oilaviy piknik va maxsus selfi zonalari, o‘yin va raqs maydonchalari barpo etiladi.
Vengriyalik hamkorlarimiz bilan loyihani ishga tushirishning barcha taraflarini kelishib oldik, deydi "Denov Oltin Don" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari P. Mirzayev. Yaqin kunlarda ishlar boshlanadi. Uni shu yil foydalanishga topshirib, purviqor tog‘lar bag‘ridagi Sangardakning yanada serqatnov turistik maskanga aylanishiga munosib hissa qo‘shamiz.
Daradagi tog‘larni birlashtiruvchi osma dor yo‘lining uzunligi 1 ming 200 metrni tashkil etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122223 | Инструменты