Huawei 1
Sun’iy intellektning joriy etilishi natijasida 2025-yilga borib O‘zbekiston sanoatida 430 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi mumkin

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, sun’iy intellekt va boshqa ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi natijasida 2025-yilga borib O‘zbekiston sanoatining ikkita asosiy sohasida 430 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi mumkin. Biroq, tadqiqotda aytilishicha, bunga faqat  mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlovchi siyosatning joriy etilishi va ko‘nikmalar va bilimlarga sarmoya qilinishi natijasida erishish mumkin bo‘ladi.

To‘rtinchi sanoat inqilobi (4IR) texnologiyalaridan foydalanish 2025-yilga borib O‘zbekistonning sezilarli o‘sish potensialiga ega bo‘lgan to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida  100 mingta yangi ish o‘rinlarini, shuningdek mamlakatdagi eng yirik ish beruvchilaridan biriga aylangan qurilish sohasida 334 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Tahlil Ozarbayjon, Pokiston va O‘zbekistonda yangi texnologiyalar tomonidan yaratilayotgan va siqib chiqarilayotgan ish o‘rinlarining potensial ta’sirini baholovchi "Markaziy va Gʻarbiy Osiyoning tez o‘sayotgan sohalarida ko‘nikmalarni oshirish orqali To‘rtinchi sanoat inqilobidan foydalanish" deb nomlangan OTBning yangi tadqiqotiga asoslangan.

"O‘zbekiston o‘z firmalari va ishchi kuchini raqamli kelajak sari undash uchun ko‘plab qo‘llab-quvvatlovchi choralarni ko‘rgan bo‘lsa-da, hozirgi vaqtda kelishilgan umumiy 4IR yo‘l xaritasini ishlab chiqish vaqti keldi. O‘zbekistonga har bir sohada ilg‘or texnologiyalar qanday tatbiq etilishini nazarda tutuvchi harakatlar rejasi, manfaatdor taraflar o‘rtasida ko‘proq muvofiqlashtirish va 4IRga tayyor va sanoat transformasiyasini qo‘llab-quvvatlay oladigan ishchi kuchini yaratish bo‘yicha uzoq muddatli rejalashtirish zarur”, - dedi OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Tadqiqot o‘sish, bandlik va to‘rtinchi sanoat inqilobiga (4IR) jiddiy ta’sir etadigan O‘zbekistondagi ikki sektordagi ish beruvchilarni so‘rov qilish asosida amalga oshirilgan. So‘rov onlayn ish o‘rinlari portali ma’lumotlarini tahlil qilish va ta’lim muassasalarining 4IRga tayyorligini baholash uchun alohida o‘tkazilgan so‘rov bilan to‘ldiriladi.

Ish o‘rinlari yaratilishining sof ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun tadqiqotda avtomatlashtirish natijasida siqib chiqarilgan ish o‘rinlari sonini va 4IR texnologiyalaridan foydalanishga potensial o‘tish natijasida daromad va unumdorlik ortishi hisobiga yaratilgan yangi ish o‘rinlari sonini baholash modelidan foydalanilgan. Tegishli siyosat qo‘llanilgan taqdirda va professional ko‘nikmalarga sarmoya qilingan taqdirda yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni yo‘qotilgan ish o‘rinlari sonidan ko‘proq bo‘ladi.

So‘rovda qatnashgan firmalarning aksariyati 2025-yilgacha 4IR texnologiyalarini bir qator funksiyalarga tatbiq etishga qiziqish bildirdi. To‘qimachilik va tikuvchilik kompaniyalarining tahminlariga ko‘ra 4IR texnologiyalarini joriy etish 2020-2025-yillar oralig‘ida mehnat unumdorligini 68 foizga oshiradi, va qurilish firmalari o‘z navbatida xuddi shu davrda 60 foizga o‘sishini taxmin qilmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston ishchi kuchining qariyb 80 foizini ish bilan band qilgan kichik va o‘rta korxonalar 4IR texnologiyalarini joriy qilishda resurs va ishchi kuchining jiddiy yetishmovchiligiga duch kelishi mumkin. U kichik va o‘rta korxonalar uchun 4IRga yo‘naltirilgan bepul yoki subsidiyalangan konsalting dasturlarini, shuningdek, ishchilar uchun ish joyida kompaniya ichida va tashqi xizmat ko‘rsatuvchilar orqali o‘qitishni tavsiya qiladi va bu kichik va o‘rta korxonalar uchun muayyan resurslar yetishmovchiligi masalasini hal qilishga yordam beradi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarining 56 foizi o‘quv jarayonida o‘z-o‘zini o‘qitishning onlayn modullaridan, va faqat uchdan bir qismi virtual yoki to‘ldirilgan reallikdan foydalanadi.

“Ish kuchining 4IRga tayyorligini oshirish uchun ishchilarni yanada samaraliroq o‘qitish va bitiruvchilarni raqamli transformatsiyaga duchor bo‘lgan kasblarga yaxshiroq tayyorlash imkonini beruvchi kengaytirilgan va virtual reallik kabi innovatsion texnologiyalarni joriy etish muhimdir”, dedi OTBning Ta’lim bo‘yicha bosh mutaxassisi Shanti Djagannatan.

Ijtimoiy-madaniy me’yorlarni yengib o‘tish va ayol ishchilar 4IR tomonidan yaratilgan yuqori malakali va yuqori maoshli texnik ishlardan uzoq muddatda foyda olishlarini ta’minlash uchun tadqiqot ayollar uchun maqsadli dasturlarni ishlab chiqishni tavsiya qiladi.

Ma'lumot o'rnida, OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi. OTB 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91208 | Инструменты