30-yanvar kuni Toshkent shahrida Fransiyaning AIRBUS, Experto Consulting, Iveco Group, MND, Roxalex, Suez, Société Générale, ALSTOM, Veolia, nergy, EDF International Networks, Voltalia, Total Energies kabi 50 dan ortiq yirik kompaniyalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Fransiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasiga Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Xurram Teshaboyev, Fransiya delegatsiyasiga “MEDEF International” korxonalar harakati raisi, “Orano” kompaniyasi rahbari Klod Imoven rahbarlik qildi.
Tadbir davomida forum ishtirokchilariga O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralar, shuningdek, mamlakatimizning sanoatidagi imkoniyatlar va sarmoyaviy salohiyati haqida ma’lumotlar berildi. Fransiya kompaniyalarining energetika, tog‘-kon sanoati, suv ta’minoti, transport va turizm sohalaridagi muvaffaqiyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati
Bundan tashqari, biznes-forum doirasida davra suhbati ham tashkil qilindi. Unda vazirlik va idoralar vakillari, Fransiya korxona va kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Oxirgi 7 yil ichida tovar ayirboshlash deyarli 5 marta oshib, 1,13 milliard dollarga yetdi. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan fransuz kompaniyalari soni qariyb 4 barobar ko‘paydi. Bugungi kunda mamlakatimizda qurilish, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalarga ixtisoslashgan Fransiya sarmoyasi ishtirokidagi 50 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi inobatga olinib, fransuz ishbilarmonlariga yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish taklif etildi.
Muloqot ochiq tarzda olib borilgani ishtirokchilarga o‘z takliflarini bildirish, tomonlarni qiziqtirgan qator soha va yo‘nalishlar bo‘yicha yangi tashabbuslar bilan chiqish imkonini berdi.
Tadbir dasturiga muvogiq ishtirokchilar, shuningdek, B2B va B2G formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlarga taklif etildi, bu esa ishbilarmonlarga yangi aloqalar o‘rnatish hamda investitsiya va savdo kelishuvlarga erishish imkonini berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13115 | Инструменты