Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi shartnomani (Toshkent, 2024-yil 18-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan ratifikatsiya qilish nazarda tutilgan Xalqaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida imzolangan mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi shartnoma insonparvarlik tamoyillariga asoslangan muhim hujjat hisoblanadi.
Uning asosiy maqsadi — mahkumlarning jazoni o‘z fuqarosi bo‘lgan davlatda o‘tashlari ya’ni mahkumlar o‘z vatanida, oilasi yaqinida jazoni o‘tash imkoniyati yaratishga qaratilgan. Shartnomada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni hukmni ijro etish uchun o‘z davlatiga topshirish asoslari, shartlari hamda tartiblari aniq ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu bilan birga, hujjatda mahkumni topshirish bilan bog‘liq harajatlar, nizolarni hal qilish, ikki tomonlama aloqa tillari, shartnomaga o‘zgartirish kiritish hamda kuchga kirishi kabi muhim masalalar o‘rin olmoqda. Shartnomaga ko‘ra, tomonlarning markaziy organlari — O‘zbekiston va Qirg‘iziston Bosh prokuraturalari etib belgilangan.
Mazkur shartnoma mahkumlarning huquqlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy reabilitatsiyasini yaxshilash, ularning oilalari bilan aloqalarini saqlash imkoniyatini yaratish, shu bilan birga, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim xalqaro-huquqiy hujjat bo‘lib xizmat qiladi.
E’tiborlisi, shartnomaning har bir normasida mahkum va uning oila a’zolari manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilgan bo‘lib, bu inson qadr-qimmatini hurmat qilish va xalqaro insonparvarlik tamoyillariga to‘liq mos keladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin O‘zbekiston va Qirg‘iziston mahkumlarni almashish to'g'risida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13118 | Инструменты