Huawei 1
O‘zbekistonning 5 ta hududida iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarish loyihasi amalga oshirilmoqda

Toshkentda “Zarafshon daryosi havzasining iqlimga chidamli kompleks suv resurslarini boshqarish” loyihasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Loyiha Shveytsariya hukumati koʻmagida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Shveytsariyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Tadbirda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, Shveytsariyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Konstantin Obolenskiy, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, ilmiy jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida Aziz Abduhakimov davlatimiz rahbari tashabbusi bilan e’lon qilingan “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili”da loyihaning ishga tushirilishi ramziy ma’noga ega ekanligini va uning ahamiyatini ta’kidladi.

"Iqlim o‘zgarishi va suv resurslariga talab ortib borayotgan sharoitda Zarafshon daryosi havzasida suv resurslarini kompleks boshqarish loyihasini amalga oshirish alohida ahamiyatga ega. Loyiha nafaqat suvdan foydalanishni optimallashtirish, balki yangi texnologiyalarni joriy etish, axborot almashinuvi va mahalliy aholining ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali mamlakatimizning Zarafshon suv resurslariga bog‘liq bo‘lgan beshta hududida iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun uzoq muddatli asos yaratadi”, — dedi vazir.

"Caritas Switzerland" (CACH) tomonidan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (CAREC) bilan hamkorlikda 2027-yilgacha Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridagi Zarafshon daryosi havzasida amalga oshirilayotgan loyiha iqlimga chidamli va integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarish orqali aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan.

“Ma’lumotlarni to‘plash va boshqarish tizimlarini kuchaytirish, innovatsion arzon monitoring qurilmalaridan foydalanishni ilgari surish va Shveytsariya gidrologik tajribasidan foydalanish orqali fermerlar va siyosatchilarni muhim qarorlar qabul qilishlari uchun zarur vositalar bilan ta’minlashni maqsad qilganmiz”, — dedi K.Obolenskiy.

Tashabbus, shuningdek, barqaror suv boshqaruvini rivojlantirish va iqlimga chidamlilik uchun mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun xalqaro ekspertizalarni, jumladan, "MeteoSwiss" va "Hydrosolutions GmbH"ni birlashtiradi.

Tadbir yakunida  tegishli shartnomalar imzolanib, loyihani amalga oshirishga poydevor qo‘yildi. Tashabbus o'zgaruvchan iqlim sharoitida suvni boshqarishning zamonaviy usullarini ishlab chiqish va joriy etish, ulardan foydalanish imkoniyati va samaradorligini oshiradi.

Loyihadan ma’lumotlar oqimi va sug‘orish jarayonlarini rejalashtirishni yaxshilash uchun 50 dan ortiq iqlim monitoringi stansiyalarini o‘rnatish, 30 dan ortiq yer osti suvlari monitoringi quduqlarini avtomatlashtirish, 100 dan ortiq fermer va qishloq xo‘jaligi klasterlarini suv resurslaridan samarali foydalanishga o‘rgatish, Zarafshon shahridagi maktablarda “Yashil maktab” konsepsiyasini tatbiq etish, suv va ob-havo ma’lumotlarini almashish uchun hududiy platforma yaratish kabi natijalar kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13117 | Инструменты