Huawei 1
Yarim yilda birja savdolari orqali qiymati 873,5 milliard so‘m oltin, 3 milliard so‘m miqdorida kumush sotildi

Bugun "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" aksiyadorlik jamiyatining markaziy ofisida o‘tkazilgan matbuot anjumani mazkur tashkilot faoliyatining 2024-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlandi.

Unda “O‘zRTXB” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari Zulfiddin Kamolov taʼkidlaganidek, 2024 yilning 1-yarim yilligida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi faoliyatining acosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilgan. Xususan, bunda barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2023 yilning 1-yarim yilligiga nisbatan 24,5 foizga o‘sib, 85,3 trillion so‘mni tashkil etgan. Tuzilgan bitimlarning qariyb 74 foizi birja savdolariga, qolgan qismi, yaʼni 26 foizi elektron tijorat savdo tizimlariga to‘g‘ri kelgan.  

– Olti oylik yakunlariga asosan birjada 116,6 mingta yangi mijoz ro‘yxatdan o‘tkazildi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 67 foiz ko‘pdir. Birja savdolari orqali xususiy sektor subyektlari tomonidan 1000 dan ortiq turdagi mahsulotlar sotildi. O‘tgan davrda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining «yashil energetika seksiyasi»da ilk bor «yashil energiya» sertifikatlari sotila boshladi. Xususan, o‘tkazilgan birja savdolari natijalariga ko‘ra, birja orqali 257,2 million so‘mlik qariyb 19 mingta sertifikat sotildi. Birja kotirovkasi bir dona sertifikat uchun 13565,2 co‘mni tashkil qildi. "Yashil energiya" sertifikatlarining birja savdolari orqali sotilishi qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini shakllantiradi. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotlarini Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlar bozorlariga eksport qilish uchun imtiyozlardan foydalanish imkonini beradi, –dedi Z.Kamolov.  

Shuningdek, tadbirda ko‘plab sohalarda birja savdolari bo‘yicha erishilgan ko‘rsatkichlarga to‘xtalib o‘tildi. Unda qayd etilishicha, birja savdolari orqali 260 tonna artemiya sistalari sotilib, mahsulotning bir tonnasi o‘rtacha 260 million so‘mni tashkil qilgan. Birja savdolari davomida bozor narxlarining shakllanishi evaziga sotuvchi korxona 121,3 milliard so‘mlik qo‘shimcha daromad olgan. O‘tgan olti oy yakunlariga ko‘ra, umumiy qiymati 876,5 milliard so‘mlik 1,3 tonna qimmatbaho metallar sotilgan. Bunda birja orqali sotilgan oltinning qiymati 873,5 milliard so‘m, kumushniki 3 milliard so‘mni tashkil qilgan. Bu esa 2023 yilning mos davriga nisbatan 2,3 marotabaga oshgan. Taʼkidlash kerakki, ushbu davr O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida oltin bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi 1 gramm uchun 794,2 ming so‘mdan 944,7 ming so‘mgacha, yaʼni 19 foizga o‘sgan.  

Tadbirda masʼullar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 11 iyundagi «2024 yil hosilidan bug‘doy xarid qilish va ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratdi.  

– Mazkur qarorga muvofiq, joriy yil 1 iyuldan boshlab 2024 yil bug‘doy hosilidan vaqtinchalik saqlashga topshirilgan 3-sinf bug‘doy O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining birja savdolari orqali sotila boshladi, – dedi “O‘zRTXB” AJ bosh makleri Islombek Ibragimov. – Joriy yil 1-29 iyul kunlarida ochiq birja savdolari orqali 180 ming tonna bug‘doy 2 ming 900 dan ziyod mahalliy g‘alla yetishtiruvchi fermerlar va g‘allachilik klasterlari tomonidan sotildi. O‘tgan davrda bug‘doyning birjada shakllangan o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 2 555,1 ming so‘mni tashkil qildi. Birjada bug‘doy bo‘yicha shakllangan kotirovka uning boshlang‘ich narxiga nisbatan 0,6 foizga o‘sdi. Ahamiyatlisi, o‘tkazilayotgan birja savdolari davomida bug‘doy uchun birja narxlari talab va taklif asosida shakllanib, tuzilgan bitimlar doirasidagi barcha to‘lovlarning amalga oshirilishi birjaning hisob-kitob kliring palatasi orqali kafolatlanmoqda.  

Matbuot anjumanida davlat xaridlari va elektron tijorat savdo tizimlarida joriy etilgan yangiliklar haqida ham maʼlumotlar berildi. Unda “O‘zRTXB” AJ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Abduqahhorovning qayd etishicha, birjaning davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uzex.uz elektron savdo tizimida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2023 yilning mos davriga nisbatan 6 foizga oshib, 21,5 trillion so‘mni tashkil qilgan.  

– Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablag‘larining tejalishi 21 foizga o‘sib, 4,7 trillion so‘mga teng bo‘ldi. Birjaning avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida 426,2 milliard so‘mlik 104,9 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi. Avtoraqamlarning sotuvi soni va hajmi bo‘yicha uch barobarga o‘sdi. Sotilgan avtoraqamlarning 97 foizi jismoniy shaxslarga va qolgan 3 foizi yuridik shaxslarga to‘g‘ri kelgan. Sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi – 1,7 million so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 517,1 million so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, mobilraqam.uzex.uz savdo tizimi orqali jami 13,1 milliard so‘mlik 3 ming 224 ta mobil raqam sotildi. Sotilgan mobil raqamlarning umumiy qiymati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki marotabaga o‘sdi, – dedi J.Abduqahhorov.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120413 | Инструменты