Huawei 1
2025-yil yakuniga umumiy inflyatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda

2025-yil yakuniga umumiy inflyatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Bu haqda Markaziy bank relizida xabar berildi. 

Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarmida 2024 yildagi energiya narxlari erkinlashtirilishining birlamchi taʼsiri tugab borishi II chorak yakunida umumiy inflyatsiyaga sezilarli pasaytiruvchi taʼsirga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, 2025 yilda mazkur islohotning navbatdagi bosqichi amalga oshirilishi muddati bir oyga farqlanishi hisobiga aprel oyida umumiy inflyatsiya darajasining vaqtincha oshishi kutilmoqda.

Kelgusida yuqoridagi o‘zgarishlarning bazaviy inflyatsiyaga ikkilamchi taʼsirlari darajasi pul-kredit sharoitlari yo‘nalishlarini belgilovchi muhim omil bo‘ladi.

2025-yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga yalpi ichki mahsulot o‘sishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bunda xususiy investitsiyalar ortishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, kelgusi choraklarda jahon bozorida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxi o‘sishi bo‘yicha xatarlar import narxlari orqali inflyatsiyaga oshiruvchi taʼsirga ega bo‘lishi mumkin.

2024-yil so‘nggi oylaridagi real samarali almashuv kursining maʼlum darajada mustahkamlanishi qisqa muddatli xarakterga ega bo‘lib, ayrim savdo hamkorlar valyutalarining qadrsizlanishi hamda bizda inflyatsiya darajasi ularga nisbatan yuqoriligi taʼsirida shakllandi. 2025-yilning ikkinchi yarmida inflyatsiya darajasi pasayib borishi bilan real samarali almashuv kursi o‘zining o‘rta muddatli trendi darajasiga qaytishi kutilmoqda.

2024-yildagi joriy operatsiyalar hisobi saldosi yaxshilanishi va 2025-yilda savdo hamkor davlatlarda makroiqtisodiy holat nisbatan barqaror bo‘lishi taxmin qilinayotgani hamda almashuv kursiga taʼsir etuvchi ichki omillar bo‘yicha sezilarli xatarlar kutilmayotgani, o‘rta muddatli istiqbolda ichki valyuta bozorida muvozanatli tendensiyalar vujudga kelishi bo‘yicha kutilmalarni shakllantirmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12318 | Инструменты