Endi O'zbekistondan xorijga $10 ming naqd pullarni deklaratsiyasiz olib chiqishga ruxsat beriladi

O‘zbekiston Respublikasidan deklaratsiyasiz olib chiqish mumkin bo‘lgan naqd pul miqdori 10 ming dollar etib belgilandi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 27-avgust kuni qabul qilingan “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 174-sonli farmonida ma’lum qilingan.

Unga ko'ra, O‘zbekiston hududini tark etayotgan jismoniy shaxslar deklaratsiya to‘ldirmasdan olib chiqib ketishi mumkin bo‘lgan naqd valyutaning maksimal miqdori 100 mln so‘m ekvivalentidan 10 ming dollar ekvivalentigacha oshiriladi.

2027-yil dekabrga qadar O‘zbekiston fuqarolari tomonidan xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tkazilgan transportlarni bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta’minlangan holda notijorat maqsadlarida vaqtinchalik olib kirish imkoniyati yaratiladi. Ya’ni, har qaysi davlatda ishlayotgan o'zbekistonliklar o'z oilasi oldiga o'sha yerda olgan shaxsiy mashinalarida bemalol kelib-ketishlariga imkon bor.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan boshlab yagona bojxona to‘lovi stavkasi tovarning bojxona qiymatidan 20%, lekin har bir kilogrammi uchun 2 AQSH dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilandi. Amalda bu 30%, 3 AQSH dollarini tashkil etadi.

2027-yil 1-apreldan boshlab import bilan shug‘ullanuvchi sub’yektlarga nisbatan sayyor shakldagi soliq va bojxona tekshiruvlarini birgalikda o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.

2027 yil 1 iyundan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlaridagi tovarlari bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlari miqdoridan kam bo‘lgan taqdirda, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.

2026 – 2028 yillarda Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlariga yaqin (tutash) hududlarda avtoturargoh va logistika infratuzilmalarini tashkil etish loyihalari amalga oshiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90217 | Инструменты