Dolby Atmos texnologiyasi asosida ovoz studiyasi bilan jihozlangan zamonaviy Dublyaj va ovozlashtirish markazi tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev kino sohasiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va “Oʻzbekfilm” milliy kino brendini yaratish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Kino sanʼati jamiyatning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida muhim oʻrin tutadi. U mamlakatning tarixi, milliy qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyotini keng jamoatchilikka yetkazishda samarali vosita hisoblanadi.
Oxirgi yillarda ushbu sohaga eʼtibor tubdan kuchaydi. Prezidentning 10 ta farmon va qarorlari qabul qilindi, o‘tgan o‘n yilda kino ishlab chiqarishni byudjetdan qo‘llab-quvvatlash hajmi karrasiga oshdi.
Sohada davlat monopoliyasi tugatilib, xususiy kinostudiyalarning faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Tarixiy shaxslar va milliy oʻzlikni anglashga qaratilgan asarlar suratga olinib, zamonaviy kinopavilyonlar tashkil qilindi. Xorijiy davlatlar bilan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, sohada kamchiliklar saqlanib qolayotganini taʼkidladi. Xususan, buyuk oʻzbek rejissorlari asos solgan chuqur psixologik va falsafiy oʻzbek kino maktabi susayib, yuzaki syujetli filmlar koʻpaygani, sifatli ssenariylar yetishmayotgani hamda operatorlik, ovoz rejissorligi va montaj sohasidagi avlodlar uzilishi yuzaga kelgani koʻrsatib oʻtildi.
Oʻrganishlar hozirda ishlab chiqarilishi belgilangan 181 ta loyihada mavzu va davrlarning qaytarilishi, ijodkorlarning bir vaqtning oʻzida bir nechta loyihalardagi ishtiroki, ayrim studiya va ijodiy guruhlar yetarli tajribaga ega emasligini koʻrsatdi.
Kinematografiya agentligi faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichlari suratga olinayotgan filmlarning ommabopligi, tomoshabinlarning eʼtirofi emas, balki tasdiqlangan rejani bajarishdan iborat boʻlib qolgani qayd etildi. Qolaversa, filmlarning marketingi, distributsiya va xalqaro sotuvi boʻyicha tizim yoʻlga qoʻyilmagan.
Taqdimotda kino sohasiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va “Oʻzbekfilm” milliy kino brendini yaratish maqsadida qator tashabbuslar bildirildi. Xususan, Kinematografiya agentligi, uning tizimidagi 19 ta tashkilot va Kinematografiya jamgʻarmasini tugatish, ularning vakolatlarini Madaniyat vazirligiga oʻtkazish, boʻshagan binolarni auksionda sotuvga chiqarish taklif qilindi.
Madaniyat vazirligi muassisligida “Oʻzbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etilib, sohadagi bosh operator etib belgilanadi. Kino mahsulotlarini ishlab chiqarishda davlat buyurtmasi tizimi bekor qilinib, loyihalar kompaniya tomonidan unga ajratiladigan budjet subsidiyalari orqali moliyalashtiriladi.
Shuningdek, Dolby Atmos texnologiyasi asosida ovoz studiyasi bilan jihozlangan zamonaviy Dublyaj va ovozlashtirish markazi tashkil etish, milliy onlayn kinoplatforma ishlab chiqib, mahsulotlarni monetizatsiya qilish imkoniyatini yaratish koʻzlanmoqda.
Davlat rahbari bildirilgan takliflarni maʼqullab, kino sohasida zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilishni jadallashtirish, sohada ijodiy erkinlikni taʼminlash, sifatli ssenariylar va hayotiy syujetlarga boy filmlarni suratni olish ishlarini kengaytirish, xalqaro darajada oʻzbek kino maktabining dovrugʻini tiklash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102621 | Инструменты