O‘zbekistonda mahalliy tadbirkorlarning xalqaro tovar derivativlari savdolarida ishtirok etish tartibi tasdiqlandi

O‘zbekistonda ilk bor mahalliy tadbirkorlarning xalqaro tovar derivativlari birjalarida o‘tkaziladigan fyuchers savdolarida ishtirok etish tartibi tasdiqlandi.

Mazkur tartib mahalliy tadbirkorlar uchun xalqaro derivativ bozorlarida ishtirok etish va tovarlar narxining o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq moliyaviy xatarlarni samarali boshqarishning huquqiy asosini yaratadi.

Nizomga muvofiq, tadbirkorlik subyektlari O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi huzuridagi «UZEX Global» MChJ — xalqaro birja vositachisi orqali Chikago tovar birjasi (CME), Interkontinental birja (ICE), London metall birjasi (LME) va boshqa xalqaro birjalarda mis, bug‘doy, paxta, neft, oltin hamda boshqa tovarlarga asoslangan fyuchers shartnomalari bilan savdo qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Hujjatda savdolarda ishtirok etish shartlari, xalqaro birja vositachisining majburiyatlari va davlat nazorati mexanizmlari belgilangan. Shuningdek, mijozlar mablag‘larini alohida hisobvaraqlarda yuritish va ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida ochiq ma’lumot berish talablari nazarda tutilgan.

Savdolarda ishtirok etish ixtiyoriy bo‘lib, tadbirkorlar o‘z nomidan va o‘z hisobidan qatnashadi. Fyuchers savdolari uchun mablag‘larni milliy valyutada kiritish va qaytarish, shuningdek, valyutani ayirboshlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Ushbu tartib mamlakatimizda zamonaviy birja mexanizmlarini joriy etish, mahalliy tadbirkorlarga narx o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq moliyaviy xatarlarni boshqarish imkoniyatini yaratish, korxonalarning barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirish, milliy birja infratuzilmasini rivojlantirish hamda O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102617 | Инструменты