Huawei 1
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

So‘nggi oylarda iqtisodiyotda yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlarning saqlanib qolayotganligi fonida inflyatsiya darajasining prognozga nisbatan sekinroq pasayishi va inflyatsion kutilmalarning yuqori shakllanayotganligi kuzatilmoqda. Joriy yil yakunida umumiy inflyatsiya prognoz koridorining yuqori chegaralarida bo‘lishi kutilmoqda.   

Inflyatsion jarayonlarni va kutilmalarni hamda o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5 foizlik targetigacha pasaytirishga zamin yaratish maqsadida pul-kredit sharoitlarining qatʼiyligi joriy darajada saqlab qolindi.

So‘nggi ikki oyda yillik inflyatsiya darajasi biroz pasayib, noyabr oyi yakunida 10 foizni tashkil etdi. Inflyatsiyaning pasayishi, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorlashuvi hisobiga yuzaga keldi. Iqtisodiyotda shakllanayotgan yuqori isteʼmol va investitsion faollik yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashi hisobiga xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari narxlarida o‘sish xatarlari saqlanib qolmoqda.

Aholining birlamchi ehtiyojlari doirasidagi ayrim xarajatlarning o‘zgarishi va ob-havo sovushi bilan energiya narxlari erkinlashtirilishining ikkilamchi taʼsirlari yuzaga chiqishi iqtisodiyot subyektlarining inflyatsion kutilmalarida ham namoyon bo‘lmoqda. Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 13,7 va 12,7 foizgacha tezlashdi.

So‘nggi to‘rt oy davomida bazaviy inflyatsiyaning 7,0 foiz atrofida sezilarli o‘zgarishsiz shakllanayotgani, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar bazaviy inflyatsiyasining nisbatan yuqori darajalari hamda chakana savdo va xizmatlar sohasida tushumlar hajmlarining oshib borayotgani iqtisodiyotda talab omillari taʼsirining saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, yalpi talabning barqaror o‘sish surʼatlari va mehnat bozoridagi faollik mavjud inflyatsion bosimlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishiga ishora bermoqda. Iqtisodiyotda ish haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining oshib borayotgani aholi daromadlarini real hisobda oshirib, yuqori investitsion faollik sharoitida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Natijada, yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 2024 yilning ikkinchi yarmida ham barqaror tendensiyalarni namoyon etib, yil yakunida 6-6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Aholi real daromadlarining oshishi sharoitida iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni samarali jilovlash yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni taʼminlashni,
bu esa, o‘z navbatida, pul-kredit sharoitlari qatʼiyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Pul bozoridagi foiz stavkalari va davlat qimmatli qog‘ozlari daromadliligi darajalari pul-kredit sharoitlari nisbatan qatʼiy darajada shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini oshirmoqda. Kreditlash surʼatlarining maqbul darajada o‘sishi va depozitlar o‘sishining yuqori surʼatlari umumiy talabni muvozanatlashtirib, inflyatsiyaga monetar omillar taʼsirini kamaytirishi kutilmoqda.

 Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda o‘rta muddatli narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadidan kelib chiqib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

O‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha barqaror pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarini yetarlicha qatʼiy darajada shakllanishi taʼminlab boriladi. Bunda, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar surʼatlariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Iqtisodiyotdagi joriy yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda asosiy stavka oshirish tomonga qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2025-yil 23 yanvarga belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121216 | Инструменты