Markaziy bank O‘zbekistonda bo‘lib to‘lash bozorini, jumladan, BNPL («Hozir ol, keyin to‘la») formatini tartibga solishni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 2 may kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi konferensiyasida maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magida xavf va zaifliklarni, shu jumladan, hali tartibga solinmagan, biroq risklarni yuzaga keltiruvchi yangi bozorlarda aniqlash maqsadida muntazam stress-testlar o‘tkazmoqda.
«Masalan, shunday yo‘nalishlardan biri BNPL — Buy Now, Pay Later („Hozir ol, keyin to‘la“) tizimi hisoblanadi. Hozir u ancha katta hajmga o‘sdi, yaqindagina aynan shu xonada bozor ishtirokchilari bilan uchrashuv o‘tkazdik. Aholining qarz yukini banklar to‘liq hisobga olishi, shuningdek, isteʼmolchilar huquqlarini to‘g‘ri himoya qilish uchun biz ushbu segmentni tartibga solishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz», — dedi u.
POS-moliyalashtirish va BNPL xizmatlari ommalashib bormoqda, ammo bu xizmatlar bo‘yicha qarzlar haqidagi maʼlumotlar banklar tomonidan hisobga olinmaydi. Bu qarz oluvchilarning real qarz yukini baholashni qiyinlashtiradi va ularning ortiqcha qarzdorlik xavfini oshiradi.
Isteʼmolchilar jalb qilgan qarzlar hajmi bank regulyatsiyasidan tashqarida qolmoqda, shuning uchun ular mijozga isteʼmol krediti yoki mikrokredit berishda uning haqiqiy kredit yuki haqida yetarli maʼlumotga ega emas.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50507 | Инструменты