Toshkent viloyatida bir oilaning 5 nafar a’zosini o‘ldirgan shaxs umrbod ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Bugun Toshkent viloyat sudida Z. S.ga (erkak, 1995 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan) oid jinoyat ishini birinchi instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi B. Roziqov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Eʼlon qilingan sud hukmiga muvofiq Z. S. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “j”, “z”, “i” bandlari, 118-moddasi 1-qismi, 134-moddasi, 164-moddasi 3-qismi “v”, “g” bandlari va 173-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112817 | Инструменты