O‘zbekistonda muddatli to‘lov asosida savdo qiluvchi tashkilotlarni Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tkazish va maxsus reyestrga kiritish tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Yangi talab choraklik savdo aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan hamda unda bo‘lib-bo‘lib to‘lash ulushi kamida 50 foizni tashkil etuvchi subyektlarga nisbatan 2027-yil 1-yanvardan tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda muddatli to‘lov asosida tovar va xizmatlar sotuvchi tashkilotlarni Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Markaziy bank ishlab chiqqan tegishli qaror loyihasi 21-noyabr kuni normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga qo'yildi.
Loyihaga ko‘ra, hisobot choragi yakunida savdo aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan va unda bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatining ulushi 50 foiz yoki undan yuqori bo‘lgan tashkilotlar Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘ladi. Mazkur talab ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etilmaydi.
Belgilangan mezonlarga javob beruvchi tashkilotlar hisobot davridan keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmay Markaziy bankka ariza va tegishli hujjatlarni taqdim etishi kerak.
Hujjatga muvofiq, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatish huquqi tashkilot Markaziy bank yuritadigan maxsus reyestrga kiritilganidan keyin yuzaga keladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish orqali, boshqa yuridik shaxslar esa hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali reyestrga kiritiladi.
Tashkilotlarni aniqlashda Soliq qo‘mitasi elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn kassa cheklari asosidagi ma’lumotlarni Markaziy bankka taqdim etadi. Markaziy bank ushbu ma’lumotlarni tahlil qiladi.
Belgilangan mezonlarga javob beradigan tashkilotning ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishi nizom talablarini buzish hisoblanadi. Qaror loyihasi 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi nazarda tutilgan. Hujjat 1-dekabrga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112410 | Инструменты