Sentabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Joriy yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari bir oyda $1,95 mlrdga oshib, $41,14 mlrdni tashkil etdi. Bu ma’lumotlar e’lon qilina boshlanganidan keyingi davr uchun eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Buning asosiy sababi oltin zaxiralarining o‘sishi bilan bog‘liq bo‘ldi. O‘z navbatida, uning qiymati ham rekord ko‘rsatkichini yangiladi — $31,86 mlrd yoki o‘tgan oyga nisbatan $1,46 mlrdga ko‘p.
Shu bilan birga, zaxiralarning sof hajmi oldingi daraja — 12 mln troya unsiyada (373,2 tonna) o‘zgarishsiz qoldi. Erkin konvertatsiya qilinuvchi valyutadagi aktivlar hajmi $516,3 mlnga oshib, sentabr oyi oxirida $8,7 mlrdni tashkil etdi.
Markaziy bankning xorijiy hisobvaraqlaridagi naqd valyuta hajmi $518,2 mlnga oshib, $8,67 mlrdga yetdi. Shundan $378,7 mlni boshqa Markaziy banklar va XVFda, qolgan $8,29 mlrdi esa boshqa xorijiy moliya institutlarida saqlanadi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar narxi yana biroz oshgan holda $35,7 mlnni tashkil etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 123019 | Инструменты