Huawei 1
BAAdagi dunyoga mashhur mehmonxonalar tarmog'i O'zbekiston bozoriga kirish imkoniyatini o'rganyapti

O'zbekiston diplomatlari Birlashgan Arab Amirliklaridagi "Jumeirah Group" kompaniyasi vitse-prezidenti Fillip Krous bilan muzokara o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Uchrashuv avvalida "Jumeirah Group" jamoasi O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, yurtimizning turistik jozibadorligini oshirish qaratilgan dasturlar va me'yoriy hujjatlar, mavjud sayyohlik yo'nalishlari, ikki davlat o'rtasidagi aviaqatnovlar, mehmonxonalar bilan tanishtirildi.

So'nggi 7 yil davomida mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni uch barobarga oshgani, turizm xizmatlari eksporti hajmi 5 karra, mehmonxona va joylashtirish vositalari soni 10 karra ko'paygani va "Jumeirah" brendining O'zbekiston bozoriga kirishi hashamatli mehmonxonalar va sayyohlar sonini yana-da ko'payishiga xizmat qilishi ta'kidlandi.

 Mamlakatimizdagi yirik mehmonxona majmualarini xususiylashtirish yoki yangidan qurish bo'yicha qator loyihalar "Jumeirah group" vakillariga taqdim etildi.

Vitse-prezident Fillip Krous kompaniyaning so'nggi yillarda amalga oshirgan ishlari va istiqboldagi loyihalari haqida so'zlab berdi.

Uchrashuv yakunida "Jumeirah Group" brendining O'zbekiston bozoriga kirish masalasini batafsil muhokama qilish maqsadida  kompaniya ta'sischilari bilan alohida uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100823 | Инструменты