Huawei 1
SQB: xalqaro moliya maydonidagi strategik hamkorlik samaralari

Joriy yilning 20-may kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zsanoatqurilishbank (SQB)ning 2024-yil va joriy yilning o‘tgan davrida xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklar bilan amalga oshirgan hamkorlik loyihalari va resurs jalb qilishdagi natijalarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Prezidentimiz tomonidan o‘tgan yil 16-dekabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida banklar faoliyatida tashqi resurslarni jalb qilish, iqtisodiy tajribalarni kengaytirish hamda investision faollikni kuchaytirishning ustuvor ahamiyati alohida qayd etilgan edi. Shu ma’noda, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish borasida muhim qadamlar qo‘yildi.

– Xususan, 2024-yil davomida 30 dan ortiq xalqaro moliyaviy institut va xorijiy banklar bilan umumiy hajmi 1 mlrd. 680 mln. AQSh dollarlik resurs mablag‘lari jalb qilindi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Axborot xizmati rahbari – Boshqaruv raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Bozorov. – Ushbu mablag‘larning asosiy qismi Yevropa va Arab mamlakatlari, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa shu kabi davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, o‘tgan yil bank tomonidan o‘nga yaqin yangi moliyaviy tashkilot bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ular orqali jami 177,7 mln. dollar jalb qilindi.
Korporativ, o‘rta, mikro va kichik biznes segmentlaridagi 474 ta loyiha moliyalashtirilib, 4235 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Muvaffaqiyatli emissiyalar va yangi imkoniyatlar
2024-yil iyul oyida O‘zsanoatqurilishbank O‘zbekiston banklari orasida ilk bor London fond birjasida Reg S va 144A formatlarida xalqaro obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi. 400 mln. dollar va 2,25 trln. so‘mlik ushbu emissiya AQSh, Yevropa va boshqa strategik bozorlardan yangi investorlarni jalb qilishga keng yo‘l ochdi. Ayniqsa, 144A formatidagi obligatsiyalar AQSh kabi global moliya markazlarida SQB brendining yana-da tanilishiga xizmat qildi.

Xorijiy sarmoya – sanoat rivoji manbai

Jizzax viloyatidagi “Basfiber Trade” korxonasiga 11,5 mln. dollar miqdorida xorijiy kredit liniyasi jalb qilindi. Loyiha doirasida yuqori texnologik tizim asosida o‘zbek bazaltidan tola va mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Xuddi shunday, Farg‘ona viloyatidagi “Fergana Global Textile” uchun ajratilgan 12,8 mln. dollarlik kredit evaziga to‘qimachilik sohasida yangi quvvatlar ishga tushirildi. Loyiha nafaqat ichki bozor talabini qondirishga, balki eksport yo‘nalishidagi faollikni oshirishga ham yordam berdi.

Bundan tashqari, telekommunikatsiya sohasida “5G (Standalone)” tarmog‘ini joriy etish uchun ham xorijiy kreditlar jalb qilindi. Bu mamlakatimizda raqamli islohotlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishi bilan ahamiyatlidir.

Harakat va natija

2025-yilda bank tomonidan umumiy qiymati 900 mln. dollarlik xorijiy mablag‘larni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Shu yilning 1-may holatiga ko‘ra esa, qariyb 385 mln. dollarlik kredit liniyalar bo‘yicha kelishuvlarga erishilib, ushbu davrga mo‘ljallangan reja 265 foizga bajarildi. Mazkur mablag‘lar hisobiga 180 ta loyiha moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi, 1330 ta yangi ish o‘rni barpo etildi.

Davlatimiz rahbarining Birlashgan Arab Amirliklari va Fransiyaga rasmiy tashriflari doirasida ham bank mijozlari uchun xalqaro savdo operatsiyalarini moliyalashtirishda yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. “First Abu-Dhabi Bank” va “Al Ahli” kabi yetakchi banklar bilan salmoqli bitimlar imzolandi.

Ushbu sa’y-harakatlar SQB’ning moliyaviy barqarorligi va xalqaro reytinglarini yana-da yaxshilashga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62023 | Инструменты