Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan Toshkent viloyati Toshkent tumani Ko‘ksaroy qishlog‘idagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida navbatdagi jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi. Mahalliy aholi, hokimiyat vakillari, tegishli vazirlik va idora mutaxassislari hamda ekologik ekspertiza markazi vakillari ishtirok etgan jamoatchilik eshituvida Toshkent tumanida quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha yirik loyiha muhokama qilindi.
Ma'lumot uchun, ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 220-sonli Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
“Agri-PV” nomli agro-fotovoltayik stansiya quvvati 507,78 kVt/s bo‘lib, loyihaning umumiy maydoni 1,5 gektarni tashkil etadi. Ushbu maydonning 1 gektarida 819 dona quyosh panellari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha “Business Advanced Experts” MChJ tomonidan xalqaro hamkor — "VOLTALIA" kompaniyasining moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi asosida amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari 2025-yil avgust oyidan boshlanib, 2026-yil fevralga qadar yakuniga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Agro-fotovoltayik texnologiya qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish imkonini beradi. Ya’ni yer maydonidan bir vaqtning o‘zida ham ekin yetishtirish, ham quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi. Bu esa suv resurslarini tejash, tuproq unumdorligini saqlash, hosildorlikni oshirish hamda fermer xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha daromad manbai yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, qurilish jarayonida 25 nafar ishchi ish bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Jamoatchilik eshituvi davomida loyihaning atrof-muhit, iqtisodiyot va aholi turmush tarziga ta’siri batafsil muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan qurilish bosqichida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar — vaqtinchalik shovqin, chiqindilar, havo va suvning ifloslanishi haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, ularni kamaytirish choralari sifatida qurilishda ishtirok etuvchi asbob-uskunalarni muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazish, chiqindilarni alohida yig‘ish va maxsus poligonlarga chiqarish, qurilish maydonchasiga suv sepish orqali havodagi changni kamaytirish, og‘ir texnikadan faqat kunduzgi vaqtlarda foydalanish kabi tadbirlar taklif etildi.
Jamoatchilik eshituvida loyihaning ijobiy jihatlari, xususan, quyosh energiyasidan foydalanish issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishi, suv sarfini tejashga yordam berishi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini haddan tashqari issiq yoki yomg‘irdan himoya qilishi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, panellar ostida yaratilgan mikroiqlim tuproq unumdorligini saqlash va hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Eshituv yakunida ishtirokchilar tomonidan loyiha qonunchilik talablariga to‘liq muvofiq amalga oshirilayotgani aytildi va takliflar bildirildi. Yakunda loyihaning amalga oshirilishi jamoatchilik tomonidan ma'qullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 81920 | Инструменты