Huawei 1
“Andijon” klubi 200 ming dollarga futbolchi sotdi

“Andijon” klubi o‘z tarixida ilk bor Rossiya Premer-ligasiga futbolchi transfer qildi. 

O‘zbekiston U-20 jamoasi bilan Osiyo chempioni bo‘lgan va kichik mundialda qatnashgan yarimhimoyachi Sherzod Asanov Rossiyaning yuqori divizioniga chiqqan “Akron” klubiga o‘tdi. 

"Transfer oynasi ochilgan mahalda seleksiya ishlari yana-da jiddiy tus olgan.  Maʼlumki, “Andijon” tarkibida ko‘plab iqtidorli, kelajagi porloq futbolchilar talaygina. Ular jamoamiz safida to‘p surish orqali o‘zlarini ko‘rsatishmoqda va ko‘plab skautlarning eʼtiborini tortmoqda. 

Qolaversa, jamoamizda transfer siyosati to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilayotgani o‘z samarasini bermoqda.  

Jumladan, 21 yoshli yarimhimoyachimiz, yoshlar jamoasi aʼzosi Sherzod Esanovga Rossiyaning “Akron” jamoasidan jiddiy taklif tushdi. Natijada ikkala klub tomonidan olib borilgan muzokaralardan so‘ng Esanov “Akron” jamoasiga transfer qilindi. 

Shuni alohida taʼkidlash joizki, “Andijon” klubidan ilk bor Rossiya Premer-ligasiga o‘yinchi transfer qilinishi hamda shu yilning o‘zida jamoamizdan ikkinchi futbolchining (birinchi transfer Rubin Hebay) xorij klubiga sotilishi amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning mahsulidir.

Sherzod “Andijon” safiga 2022 yili qishda qo‘shilgan bo‘lib, qisqa fursat ichida o‘z iqtidorini namoyish qila oldi. O‘sha yilgi mavsumda Esanov “Andijon” safida chempionat va kubok bahslarida hammasi bo‘lib 18 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi. O‘tgan yilgi mavsumni ham jamoamiz bilan birga boshladi va 5 ta o‘yinda qatnashdi. Ikkinchi davrada esa “Olimpik” klubiga ijaraga berildi. Bu mavsum avvalida Esanov yana “Andijon”ga qaytdi. Mavsumning birinchi qismida u chempionat va kubokda hammasi bo‘lib 15 ta bellashuvda ishtirok etib, 2 ta gol muallifiga aylandi hamda muxlislarning mehrini qozondi. 

Sherzod bugun kechki payt Toshkent-Moskva yo‘nalishida jo‘nab ketdi. Faoliyatida ilk bor legionerga aylangan futbolchimizni yangi jamoasida katta qiziqish bilan kutishmoqda. 

Uning yangi klubi Tolyattining “Akron” klubi ilk bor Rossiya Premer-ligasida ishtirok etmoqda. Esanovga “Andijon”dagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildiramiz va unga yangi klubida muvaffaqiyat tilaymiz", — deb yozadi klub matbuot xizmati.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90805 | Инструменты