Joan Laporta klubning eski rahbarlari ustidan jinoiy ish ochmoqchi
Ispaniyaning “Barselona” klubi rahbariyati jamoa futbolchilari Frenki de Yong, Mark-Andre ter Shtegen, Jerar Pike hamda Kleman Langle bilan tuzilgan amaldagi shartnomalarda qonunga zid bandlar borligini topgan.
“The Athletic” nashrining xabar berishicha, De Yongning “Barsa”ning avvalgi rahbariyati bilan 2020-yil oktyabr oyida tuzilgan shartnomasida qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Joan Laporta kelishuvdagi qonunga zid holatlarni jamlab, klubning sobiq rahbarlari ustidan jinoiy ish ochmoqchi.
Qayd etilishicha, “Barselona” de Yongga xat joʻnatib, unda klub va futbolchi oʻrtasidagi joriy kelishuv qonunga muvofiq tuzilmagani va bu bekor qilinishi kerakligini bildirgan. Aks holda klub vaziyatni sud orqali hal qilib, kelishuvda ishtirok etgan tomonlarni jazoga tortishgacha olib borishi mumkinligini maʼlum qilgan.
Shartnomada klub Frenki de Yongning maoshini ikki yil kamroq toʻlab, oxirgi yillarda qoʻshib berilishi haqidagi kelishuv bor va aynan shu band noqonuniy deb topilgan. Aytilishicha, u shartnoma bekor qilinib, dastlabki kelishuvga qaytilsa, “Barsa” pandemiya davridagi ikki yil uchun futbolchiga toʻlanishi belgilangan 18 mln yevroni toʻlash majburiyatidan ozod qilinishi mumkin.
Avvalroq, “Barselona” prezidenti Joan Laportaning Xavi 2 futbolchiga ishonch bildirmayotgani hamda ular jamoadan ketishi kerakligini aytgani to'g'risida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51201 | Инструменты