Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze 2026-yilgi jahon chempionati saralashining 3-bosqichi doirasidagi Eronga qarshi o‘yinda qayd etilgan durang haqida fikr bildirdi. 25-mart kuni Tehronda bo‘lib o‘tgan o‘yin 2:2 hisobida yakunlangan.
Uchrashuv davomida o‘zbekistonliklar ikki marta hisobda oldinga chiqib olishgan bo‘lsa-da, eronliklar ikki safar ham hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Terma jamoa gollariga Hojimat Erkinov va Abbosbek Fayzullayevlar mualliflik qildi.
“Avvalo, Eron terma jamoasini jahon chempionatiga yo‘llanma olgani bilan tabriklayman va ushbu turnirda muvaffaqiyat tilayman. O‘yin qiziqarli bo‘ldi, yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Ikkala jamoa ham yaxshi o‘ynadi. Bizda yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, Eronda ham yaxshi vaziyatlar bo‘ldi. Albatta, Eronni mag‘lub etishimiz mumkin edi. Endi keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘ramiz”, — dedi Temur Kapadze.
U ajoyib o‘yin uchun futbolchilariga va jamoani qo‘llab-quvvatlagan o‘zbekistonlik muxlislarga minnatdorlik bildirdi.
“Biz ularning qo‘llab-quvvatlashayotganini his qilyapmiz. Xudo xohlasa keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozonib, biz ham jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritamiz… Umid qilamanki, jahon chempionatiga yo‘llanma olamiz va u yerda ham ishlaymiz”, — dedi Kapadze.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa Eronga qarshi o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan va g‘alaba qozonish uchun o‘ynagan.
“Ushbu o‘yinda uchta yetakchi futbolchimiz ishtirok etmadi (Oston O‘runov, Jaloliddin Masharipov va Husniddin Aliqulov — tahririyat). Ular bilan biz yanada kuchliroq bo‘lardik. Lekin, umuman olganda, bu terma jamoa, ularning o‘rniga maydonga tushgan futbolchilar yaxshi o‘ynadi va ularning yo‘qligini sezdirishmadi”, — dedi u.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32918 | Инструменты