Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan rossiyalik askarlarning soni 100 mingdan oshdi. Buni Britaniyaning VVS media kompaniyasining rus xizmati, "Mediazona" va ko‘ngillilar jamoasi tuzgan hamda 28 mart, juma kuni yangilangan ro‘yxatlar ko‘rsatmoqda.
Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, nashrdan so‘ng «faqat bitta aniq uydirma nekrolog» topilgan. Shu bilan birga, yana 10 269 ta nekrolog tekshirilmoqda.
2022 yilning 24 fevralidan 2025 yilning 25 martigacha kamida 100 001 harbiy halok bo‘lganligi tasdiqlangan.
Xabarga ko‘ra, eng ko‘p qurbonlar Boshqirdiston (4487), Tatariston (4371), Yekaterinburg (3446), Kuban (3065) va Chelyabinsk (3005)dan bo‘lgan.
Jurnalistlar: Ko‘ngillilar eng katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda
2022 yil yoz boshidan to kuzning o‘rtalarigacha ko‘ngillilar eng katta yo‘qotishlarga uchradi, deya ta’kidlaydi jurnalistlar. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil oxiri va keyingi yil boshiga kelib, "Vagner" guruhi tomonidan yollangan mahbuslar orasida yo‘qotishlar sezilarli darajada oshgan, ular Baxmut yaqinidagi Ukraina pozitsiyalariga hujum qilish uchun «hujumkor guruhlar»ni yaratish uchun foydalanilgan.
2024 yil sentabriga kelib ko‘ngillilar yana halok bo‘lganlar orasida eng katta toifaga aylandi, deydi tahlilchilar. 28 martgacha Rossiya armiyasi va boshqa xavfsizlik kuchlarining 4800 dan ortiq zobiti halok bo‘lgani tasdiqlandi, deb yozadi "Mediazona".
Jurnalistlar ommaviy axborot vositalaridagi nekrolog, yaqinlarning ijtimoiy tarmoqlardagi postlari, mahalliy rasmiylar va boshqa manbalardan olingan xabarlarni o‘limning tasdig‘i deb hisoblaydi. Avvalroq "Meduza" VVS, "Mediazona" va ko‘ngillilar o‘z ro‘yxatiga boshqa davlat fuqarolarini kiritmagani, shuning uchun ularning tadqiqotlari «DXR» va «LXR» deb ataluvchi hududlardan bo‘lgan harbiy xizmatchilar, shuningdek, Ukrainada Rossiya Federatsiyasi tomonida jang qilayotgan Shimoliy Koreya askarlari va boshqa xorijiy yollanma askarlarni qamrab olmaganini ta’kidlagan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40104 | Инструменты