JCh-2030 Marokash, Portugaliya va Ispaniyada o‘tkaziladi. Shuningdek, uchta o‘yin Janubiy Amerikada – Urugvay, Paragvay va Argentinada tashkil etilishi tasdiqlandi.
Shu tariqa, futbol bo‘yicha jahon chempionati ilk marta uchta qit’a va olti davlatda o‘tkaziladi. Chempionatning asosiy o‘yinlari Marokash, Ispaniya va Portugaliyada o‘tkaziladi. Ochilish o‘yini Urugvayda bo‘lib o‘tib, unda mezbon mamlakat milliy jamoasi ishtirok etadi. Shuningdek, Argentina va Paragvay milliy jamoalari ham o‘z guruhlaridagi ilk o‘yinlarni muxlislari qarshisida o‘tkazadi.
Qayd etish joiz, 2030 yilda – futbol bo‘yicha jahon chempionatining ilk marta o‘tkazilganiga 100 yil to‘ladi. Birinchi jahon chempionati 1930 yil Urugvayda o‘tkazilgan edi. Shu bois turnirning ochilish o‘yini ramziy ma’noda ushbu mamlakatga topshirilgan.
2034 yilgi jahon chempionatiga esa Saudiya Arabistoni mezbonlik qilishi rasman e’lon qilindi. Qatar-2022da bo‘lgani kabi Saudiyada o‘tadigan mundial ham mintaqaning iqlim sharoitdan kelib chiqqan holda qishda bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq, Italiyaning Saudiya Arabistoni va Misr bilan birgalikda 2030 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilish uchun ariza topshirishdan bosh tortgani ma’lum bo‘lgan edi. Shu sababli, 2030 yil uchun Marokash, Portugaliya va Ispaniyaning qo‘shma arizasi yagona bo‘lib qoldi, 2034 yilgi mundial esa Saudiya Arabistoniga topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122706 | Инструменты