Jaloliddin Masharipov O‘zbekiston terma jamoasining Qatarga qarshi o‘yini oldidan “Championat” saytiga bergan intervyusida uchrashuv borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“O‘ylaymanki, Qatar bilan bahs faoliyatimdagi eng muhim uchrashuvlardan biri. Ushbu o‘yinda g‘alaba qozonsak, Jahon chempionati masalasini 90 foizga hal etamiz. Buni barcha futbolchilar tushunib turibdi. Xudo xohlasa, qo‘limizdan kelgan barcha narsani ishga solamiz. Bundan tashqari, Qatar bilan hisob-kitobimiz ham bor”, dedi futbolchi.
Masharipov murabbiyning birga ekani qo‘shimcha kuch berishi va ushbu bahslar uchun alohida motivatsiya kerak emasligini ta’kidladi.
“Uning gapiradigan gaplarini eshitib turishga o‘rganib qolganmiz. U yonimizda bo‘lsa, bu biz uchun yaxshi. Uning kelgani nafaqat futbolchilar, balki muxlislarni ham xursand qildi deb o‘ylayman.
Menimcha, hech kimga motivatsiya zarur emas, buni barcha futbolchilar anglab turibdi. Xudo xohlasa, hammamiz bor kuchimizni berib, shu yil JCH yo‘llanmasini naqd qilamiz”, dedi yarim himoyachi.
Bundan tashqari, futbolchi “Istiqlol” tarkibidagi so‘nggi o‘yinda shamollagani bois ishtirok etmagani va hozirgi holati haqida ma’lum qildi.
“Oxirgi o‘yindan oldin tuni bilan isitmalab chiqdim va mehmonxonada qolishimga to‘g‘ri keldi. Mana hozir terma jamoa ixtiyoriga yetib keldim. Ozgina asoratlari bor. Xudo xohlasa, termamiz o‘yinigacha sog‘ayib ketaman degan umiddaman”, dedi tajribali futbolchi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati saralashidan o‘rin olgan Qatarga qarshi uchrashuvni 14-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
A guruhida hozirda 10 ochko bilan Eron va O‘zbekiston yetakchilik qilmoqda. Qatar bilan uchrashuvdagi g‘alaba ular bilan farqni 9 ochkoga oshiradi.
19-noyabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi Shimoliy Koreya mehmoni bo‘ladi. Laosda o‘tishi rejalashtirilgan ushbu uchrashuv 2024-yildagi saralashning so‘nggi o‘yini hisoblanadi. Bahslar kelgusi yil mart oyidan davom ettiriladi.
Jaloliddin Masharipov Eron klubi tarkibida barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda 21 bor maydonga tushdi va raqiblar darvozasini ikki bor ishg‘ol qildi.
2016-yil O‘zbekiston milliy jamoasida debyut qilgan hujumkor yarim himoyachi hozirga qadar 64 uchrashuvda qatnashdi va raqiblar darvozasiga 12 bor yo‘l topa oldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111406 | Инструменты