Iqlim o‘zgarishi sababli global suv tanqisligi kelajakda mojaro va beqarorlikka olib kelishi mumkin. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov COP-29 iqlim konferensiyasidagi davra suhbatida so‘z ochdi.
“Qirg‘izistonda biz, ayniqsa, uyimiz bo‘lgan tog‘ ekotizimlarining nozikligini yaxshi bilamiz. Markaziy Osiyoda millionlab odamlarni suv bilan ta’minlovchi muzliklar tez yo‘q bo‘lib ketmoqda. Bu faqat Qirg‘iziston uchun muammo emas, balki mintaqaviy va global muammodir. Suv tanqisligi yanada kuchayib, mojarolar, beqarorlik va qashshoqlik potensialini yaratadi”, dedi Japarov.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi tog‘ ekotizimlari va odamlarga, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xo‘jaligiga, shuningdek, “dunyoning ko‘plab tog‘li hududlarda suv va toza energiya kabi asosiy ekotizim xizmatlarini ko‘rsatishga” salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Biz tog‘lar bilan bog‘liq xalqaro siyosiy jarayonlar doirasida keyingi harakatlarni kelishib olishda tog‘li mamlakatlar manfaatlarini munosib va adolatli hisobga olish tarafdorimiz. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash nafaqat yashash uchun kurash, balki adolat, tenglik va qadr-qimmat uchun kurashdir”, deb tushuntirdi Qirg‘iziston rahbari.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111416 | Инструменты