Futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralashining 3-bosqichi 7-turidan o‘rin olgan uchrashuv bugun, 20-mart kuni bo‘lib o‘tdi.
“Bunyodkor” stadionidagi uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston milliy jamoalari to‘qnash keldi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limi sokinroq boshlangan bo‘lsa-da, 20 daqiqa o‘tgach o‘zbekistonliklar faollikni oshirdi. Bu esa 24-daqiqaga kelib samara berdi.
Shomurodovning uzatmasidan so‘ng Alijonov oldinga qarab o‘tayotganda unga nisbatan qo‘pollik ishlatildi. Natijada qirg‘izistonlik himoyachiga qizil kartochka ko‘rsatildi va penalti belgilandi. Biroq ushbu penaltidan Eldor Shomurodov foydalana olmadi.
Shundan so‘ng ham O‘zbekiston MTJ qator imkoniyatlarga ega bo‘ldi. 40-daqiqaga kelib tashkil etilgan hujumlar samarasini berdi. Abbosbek Fayzullayevning uzatmasidan so‘ng Hojiakbar Alijonov to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi.
Ikkinchi bo‘lim avvalida qirg‘izistonliklar faollik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, o‘zbekistonliklar tezda vaziyatni o‘z qo‘llariga oldi. Yaratilgan qator xavfli vaziyatlar natija bermadi.
Eldor Shomurodov tomonidan urilgan gol ham o‘yindan tashqari holatda deb topildi.
Shunday qilib, O‘zbekiston MTJ navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi va 16 ochko bilan guruhdagi 2-o‘rinni mustahkamlab oldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32114 | Инструменты