Slavche Voyneski - "Paxtakor"ning yangi bosh murabbiyi
Shimoliy Makedoniyalik Slavche Voyneski Toshkentning “Paxtakor” klubiga yangi bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, bugun, 11 yanvar kuni 47 yoshli murabbiy bilan klub o‘rtasida 2022 yil oxiriga qadar mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekildi. Endilikda Voyneski jamoani tark etgan Piter Xyuistraning o‘rnini egallaydi.
Ta'kidlanishicha, Voyneski Shimoliy Makedoniyada turli toifadagi yoshlar terma jamoalarida uzoq muddatli faoliyati bilan tanilgan.
Ma'lumot uchun, Voyneski 1974 yil 28 aprelda Shimoliy Makedoniyada tug'ilgan. U 1999-2004 yillar oralig‘ida o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarida ishlagan. 2004-09 yillarda esa Shimoliy Makedoniya terma jamoasida yordamchi murabbiy sifatida mehnat qilgan. Asosan Srechko Katanets va Drago Kanatlarovskiga yordam bergan. Shundan keyin Turkiyada “Elazigspor”, “Genchlerbirligi”, “Gaziantepspor” va “Rizespor” klublarining murabbiylar shtabida faoliyat olib borgan. 2019 yil Slovakiyaning “Sered” klubida bosh murabbiy sifatida ishlagan. U yoshlar bilan tizimni yo‘lga qo‘yish orqali yaxshi ishlagan mutaxassis sifatida baholanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51816 | Инструменты