Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 18-turidan o‘rin olgan “Navbahor” — “Nasaf”, “Dinamo” — “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Namangandagi “Markaziy” stadionida o‘tkazilgan “Navbahor” — “Nasaf” klublari to‘qnashuvining 56-daqiqasida Jaba Jigauri gol urdi va “Nasaf”ning g‘alabasini taʼminladi. Shu tariqa, “Nasaf” ochkolarini 41 taga yetkazib oldi hamda turnir jadvalidagi peshqadamligini yana-da mustahkamladi.
Samarqandda o‘tgan “Dinamo” — “Bunyodkor” bahsida 2:3 hisobi qayd etildi. Uzoq kutilgan g‘alabadan so‘ng “Bunyodkor” jamoasi ochkolarini 15 taga yetkazib oldi.
Bugun Superliganing 18-turidan o‘rin olgan “Andijon” — “Lokomotiv” bahsi bo‘lib o‘tadi. Mazkur o‘yin «Bobur arena»da soat 19:30 da boshlanadi. Uchrashuvni bosh hakam sifatida Shavkat Nasibullayev boshqaradi.
Unga qanotlarda Dilshod Jumaniyozov va Ruslan Serazitdinov yordam bersa, VARda Ibrohim Ismoilov hamda Kristina Sereda ishlaydi.
Shu o‘rinda, “Andijon” — “Lokomotiv” o‘rtasidagi o‘yin oldidan jamoalarning o‘zaro uchrashuvlari haqida ayrim maʼlumotlarni eʼtiboringizga havola etamiz.
Jamoalar chempionatda hozirga qadar 27 marotaba to‘qnash kelgan va “Andijon” ushbu uchrashuvlarda 5 marta zafar quchgan bo‘lsa, “Lokomotiv” 18 g‘alabani qo‘lga kiritgan. 4 ta o‘yin esa durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati 27/53 -“Lokomotiv” foydasiga.
Eʼtiborlisi, “Andijon” o‘z maydonida “Lokomotiv”ni so‘nggi bor 2010 yilda mag‘lubiyatga uchratgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100722 | Инструменты