O‘zbekistonlik futbol bo‘yicha murabbiy Viktor Jalilov 71 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Viktor Jalilov 1952-yil 17-mart kuni Toshkentda tug‘ilgan. U Toshkent sport maktab-internatida tahsil olgan. Jalilov maktab-internatni tamomlagach, “Paxtakor”ga olib ketilgan va u yerda harbiy xizmatga chaqirilgunga qadar o‘ynagan. Harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, Toshkent Jismoniy tarbiya institutida tahsil olib, Namanganning “Tekstilshchik” jamoasida o‘ynab, futbolchilik faoliyatini yakunlagan.
Jalilov murabbiylik faoliyatini Xalqobodning “Sohibkor” jamoasida boshlagan. 1995-yilda Namanganning “Navbahor” jamoasini boshqarib, O‘zbekiston chempionatining bronza medali sohibiga aylandi. 1996-yilda u jamoa bilan mamlakat chempionati va kubogini qo‘lga kiritib, "oltin dubl"ga erishdi. U O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.
1997-1999-yillarda “Navbahor” bilan birga yana uch marta bronza medali sohibi bo‘lgan.
2000-yilda “Paxtakor”ga qaytib, ikki yil murabbiy yordamchisi bo‘lib ishlab, 2002-yilda esa klub bosh murabbiyi bo‘ldi. Mamlakat chempionligi va kubogini qo‘lga kiritib, "oltin dubl"ni takrorlashga muvaffaq bo‘ldi. Shundan so‘ng ikkinchi bor O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.
2005-yilda Muborakning “Mash’al” jamoasini boshqargan va chempionatda kumush medallarni qo‘lga kiritgan. O‘shanda u uchinchi marta O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deya qayd etilgan.
2010-yilda Namanganning “Navbahor” jamoasida ishlagan ammo qoniqarsiz natijalar uchun ishdan bo‘shatilgan.
2015-yilda Viktor Jalilov 22 yoshgacha bo‘lgan terma jamoaga yangi bosh murabbiy etib tayinlangan.
Viktor Romanovich so‘nggi marta aynan “Navbahor” (2021-2022) bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan edi.
Uzreport.news tahririyati marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61317 | Инструменты