O‘zbekistonlik markaziy himoyachi Umar Eshmurodov FIFA’ga bergan eksklyuziv intervyusida u nima uchun milliy jamoaning yaxshi natijalariga ishonayotganini bayon qildi.
Himoyachi O‘zbekistonning hozirga qadar jahon chempionati saralash bosqichida ko‘rsatayotgan ijobiy natijalarini muhokama qilib, mamlakat tarixida ilk bor jahon chempionati finaliga chiqishiga ishonch bildirmoqda.
Yillar davomida Jahon chempionati saralash bosqichlarida ijobiy natijalar ko‘rsatganiga qaramay, O‘zbekiston hali-hamon jahon chempionati final bosqichiga chiqa olmadi.
Ular 2014-yil mundialga juda yaqin kelishdi — faqatgina to‘plar nisbatidagi farq sabab to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kirita olmadi va keyinchalik pley-offda Iordaniyadan mag‘lubiyatga uchradi. Jamoa nihoyat bu to‘siqni yengib o‘tib, Kanada, Meksika va AQSHda o‘tkaziladigan 2026-yilgi musobaqada ishtirok etishga ishonmoqda.
Bu ishonch ikkita asosiy faktorga asoslanadi. Birinchidan, kengaytirilgan turnirda 48 ta jamoa ishtirok etishi rejalashtirilgan va Osiyoga sakkizta kafolatlangan o‘rin hamda FIFA pley-off turnirida qatnashish imkoniyati berilgan.
Ikkinchidan, O‘zbekiston OFK uchinchi bosqich saralash musobaqasida yaxshi natijalar qayd etmoqda. Ular “A” guruhi yetakchisi Eron bilan bir xil ochkoga ega. Ikkala jamoa ham to‘rtta o‘yindan 10 ochko to‘plagan, Eron esa faqat gollar farqi hisobiga yetakchilik qilmoqda.
“Bizda Jahon chempionatiga yo‘llanma olish uchun juda yaxshi imkoniyat bor,” dedi u. “ Bu esa O‘zbekiston xalqini hayajonga soladi. Hozirda biz o‘z vazifamizni bajarishimiz va har bir o‘yinda eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etishimiz kerak. Jamoa birdamlikda ishlashda davom etishi va eng yuqori darajasini ko‘rsatishi lozim. Bu nafaqat biz futbolchilar uchun, balki butun O‘zbekiston uchun ham katta sharaf va ayni paytda katta masʼuliyatdir.
Muxlislarni xafa qilishga haqqimiz yo‘q. Bizning g‘alabalarimiz mamlakatimiz uchun juda muhim ahamiyatga ega, shu bois biz bu imkoniyatdan foydalanib, o‘z nomimizni tarixga muhrlamoqchimiz”.
31 yoshli futbolchi 14-noyabrda Qatarga va besh kun o‘tib Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga qarshi safarda o‘tkaziladigan ikkita muhim o‘yinda barqaror o‘yin ko‘rsatish muhim ekanini ta’kidladi.
“Har ikki o‘yin ham qiyin kechishi kutilmoqda, chunki bu bosqichda zaif jamoalar yo‘q”, dedi Eshmurodov. "Qatar juda tajribali va kuchli jamoa bo‘lgani sabab, ularga qarshi o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishimiz shart.
Shimoliy Koreya ham oson raqib emas. Biroq biz har bir o‘yinda uch ochko uchun kurashga kiramiz, chunki har bir g‘alaba bizni maqsadimiz sari yanada yaqinlashtiradi”.
Srechko Katanes shogirdlari ushbu ikki o‘yinda ketma-ket g‘alaba qozona olsa, O‘zbekiston o‘z tarixidagi ilk jahon chempionati yo‘llanmasi har qachongidan ham yaqinroq bo‘ladi. Eshmurodovning fikricha, mundial ishtirokchisiga aylanish mamlakat uchun tarixiy voqelik bo‘ladi.
“Jahon chempionatiga yo‘llanma olish tariximizdagi eng katta muvaffaqiyat bo‘ladi,” deydi Koson tumanida tug‘ilgan futbolchi. “Shubhasiz, mundial o‘zbek xalqining orzusi hisoblanadi va bu biz uchun juda ahamiyatli. Biz Jahon chempionatida qatnashishni va o‘zbek futbolini jahon miqyosida tanilishini xohlaymiz. Bu nafaqat futbolchilar, balki butun millat uchun faxrlanadigan voqea bo‘lardi. O‘zbekistonni jahon futboli xaritasidan o‘rin olishi uchun bor kuchimizni safarbar qilamiz”.
O‘zbekiston milliy jamoasida Yevropa futbolining yuqori darajasida o‘ynaydigan bir nechta futbolchilar bor. Jamoa sardori Eldor Shomurodov A Seriyaning “Roma” klubida, Abduqodir Husanov Fransiyaning “Lans” jamoasida to‘p surmoqda, Abbosbek Fayzullayev esa Moskvaning “SSKA” klubida asosiy pleymeyker hisoblanadi.
Eshmurodovning qayd etishicha, O‘zbekiston jamoasida isteʼdodlar bilan birga jamoada o‘zaro birdamlik ham mavjud.
“Saralash bosqichi davomida biz shijoat va jamoaviy ruhga ega bo‘ldik,” dedi u. “Har bir futbolchi maydonda o‘zining bor kuchini berishga tayyor. Hozir bizda juda iqtidorli o‘yinchilar bor, bu esa har bir o‘yinda kurashga tayyor bo‘lgan jamoa borligini anglatadi. Jamoa ahil ishlaydi, bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi va to‘liq diqqatini o‘yinlarga qaratgan. Aynan shu omil maydondagi muvaffaqiyatli natijalarimizga sabab bo‘lmoqda”.
Eshmurodov hozirda Malayziyaning “Selangor” jamoasining asosiy o‘yinchilaridan biri hisoblanadi. U 2020-yilda xalqaro maydondagi debyutidan beri davomiy o‘sishga erishdi va yanada yuqori cho‘qqilarni zabt etishni xohlaydi.
“Men futbolchi sifatida yaxshi shakllandim deb hisoblayman va har kuni o‘z o‘yinimni takomillashtirish ustida ishlayapman” deydi u. “Mashg‘ulotlarda imkon boricha samarali o‘tkazishni maqsad qilganman. Eng asosiysi men milliy jamoa va klub uchun eng yaxshi o‘yinimni ko‘rsatish.
Shukrki, “Selangor”da ishlar hammasi joyida. Jamoada ko‘plab yosh o‘yinchilar bor va men ularni qo‘llab-quvvatlashga, klub rivojlanishiga hissa qo‘shishga harakat qilyapman. O‘z bilimimni boshqalar bilan bo‘lishishni yoqtiraman.
Maqsadim — milliy terma jamoamizning Jahon chempionatiga chiqishiga yordam berish va xalqimizga quvonch bag‘ishlash. Bu barchamiz uchun juda muhim bo‘lgani uchun bor kuchimni sarflayman”.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111422 | Инструменты