Prezident raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish boshlandi.
Davlat rahbari yalpi ichki mahsulotni oshirish bo‘yicha katta marra olinganini, lekin bunga faqat ichki investitsiya va ichki bozor bilan erishib bo‘lmasligini qayd etdi:
“Yagona to‘g‘ri yo‘limiz – xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish va eksportni ko‘paytirish”.
Prezident bevosita investitsiya, sanoat va eksportga masʼul 11 ta vazirlik va idora, 10 ta uyushma, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar, bundan tashqari, barcha vazirlik, tarmoq va hududlarda eksport va investitsiyaga masʼul rahbar o‘rinbosari faoliyat yuritayotgan investitsiyalar va tashqi savdo tizimining faoliyati juda sustligini ko‘rsatib o‘tdi.
Hozirgi murakkab vaziyatda tizimda investitsiya va eksport bo‘yicha chuqur tahlil yo‘qligi tanqid qilindi.
Asosiy bozorlarimiz bo‘lgan mamlakatlardagi devalvatsiya, jahonda ro‘y berayotgan ziddiyatlar va logistika hisobiga ularga eksport kamaygan.
Bunday murakkab vaziyat bugun yoki kecha boshlanmagani, Investitsiya vazirligi va tarmoqlar rahbarlari eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish ustida o‘z vaqtida bosh qotirmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari tizimdagi muammolarni sanab o‘tdi.
Kompleks rahbariyati so‘nggi olti yilda chetdan qariyb 50 milliard dollar investitsiya kirgani haqida maʼlumot berayotgani, lekin ushbu investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotga, qo‘shilgan qiymatga, eksportga taʼsiri qanday bo‘lgani bo‘yicha tahlillar yetarli emasligi qayd etildi.
Masalan, o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot ham, sanoat ham 6 foizga o‘sdi. Biroq, tovarlar eksportida kutilganidek o‘sish bo‘lmagani aytildi.
Hududlarda esa moliyalashtirish to‘liq yakunlangan 8 trillion so‘mlik 1 mingta loyiha haligacha ishga tushmagan.
Mamlakat sertifikatlarini tan olish bo‘yicha haligacha birorta davlat bilan kelishuvga erishilmagan.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan qiymati 480 million dollarlik 5 ta loyiha bo‘yicha kelishuv imzolanganiga 1-2 yil bo‘lgan bo‘lsada, o‘zlashtirish boshlanmagan.
Yoki, ikki yil oldin tashkil qilingan To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga 1 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish bo‘yicha rejalar to‘liq amalga oshirilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61306 | Инструменты