14-yanvar kuni Oʻzbekiston chim ustida xokkey federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Sport vaziri Adham Ikramov, Otabek Umarov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, Sportning oʻyin turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi mutasaddilari, federatsiya rayosati, faxriylar va murabbiylar shtabi qatnashdi.
Konferensiya kun tartibiga muvofiq, dastavval, federatsiya raisi oʻrinbosari Rinat Axmadulin tomonidan 2021-2024-yillarda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha hisobot taqdim etildi. Shundan soʻng konferensiya doirasida tashkiliy masala koʻrib chiqildi. Unda federatsiya Ijroiya qoʻmitasi tomonidan Sport vazirining oʻrinbosari Karimov Avazjon Qudratullayevich nomzodini mamlakat chim ustida xokkey federatsiyasi raisligiga ilgari surildi.
Ishtirokchilar nomzodni bir ovozdan maʼqullashdi va A.Karimov Oʻzbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi raisi etib saylandi. Tadbirda soʻz olgan Avazjon Karimov bildirilgan ishonchli oqlashga, kelgusida mamlakatimizda mazkur sport rivojini yanada oshirish yoʻlida bor kuchini ishga solishini bildirdi.
Shundan keyin federatsiya Bosh kotibi Sanʼatilla Gʻulomnazarov Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha taqdimot bilan tanishtirdi. Bunda avvalo, mamlakatimiz boʻylab ushbu sport ommaviyligini oshirish, terma jamoalar uchun kuchli raqiblar bilan oʻrtoqlik oʻyinlarini tashkil etish, xorijlik murabbiylar jalb etish asosiy maqsad ekanini bildirdi. Oʻz navbatida, Adham Ilhamovich poytaxtimizda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasida 2 ta chim ustida xokkey maydoni qurilayotgani ushbu sport rivoji yoʻlida katta turtki boʻlishini qoʻshimcha qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11515 | Инструменты