O‘tgan yili 5 fevral kuni Prezidentimiz raisligida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda tibbiyot markazlarida zamonaviy boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, o‘z navbatida, xorijdan mutaxassislarni olib kelib, eng avvalo, ona va go‘daklar o‘limi yuqori 20 ta tuman va shahardagi tibbiyot xodimlarini o‘qitish topshirig‘i berilgan edi.
Shundan kelib chiqqan holda, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bu borada salmoqli ishlar olib borilyapti.
Jumladan, muassasada Rossiyaning akademik V.I. Kulakov nomidagi Akusherlik, ginekologiya va perinatalogiya milliy tibbiyot tadqiqot markazi mutaxassislari ko‘magida “Akusherlik, neonatologiya va sog‘liqni saqlashni boshqarish asoslari” mavzuida simulyatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazilgan ilmiy-amaliy o‘quv seminarda 14 ta hududiy filial va 28 ta mintaqaviy tug‘uruq majmuasi xodimlari ishtirok etdi.
Shuningdek, markazda maxsus ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, mutaxassislar qishloq va mahallalardagi doyalar tomonidan reproduktiv yoshdagi ayol va o‘smir qizlarga oilada tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom oilani shakllantirish, qizlar gigiyenasi, homiladorlik bo‘yicha maslahat hamda tavsiyalar berish bo‘yicha ishlar sifati va qamrovini oshirish maqsadida joylarga chiqib ishlashmoqda.
— Biz birgina bemorning dardiga darmon bo‘lib, uning salomatligini tiklasak, uni yana sog‘lom hayotga qaytarsak, bu bilan butun bir oilaning baxtini, kelajagini taʼminlagan bo‘lamiz, — deydi markaz direktori Natalya Nadirxanova. — Aynan shu so‘zlar markaz va uning filiallaridagi har bir xodimning shioriga aylanishiga erishish yo‘lidamiz.
Ayollar orasida onkoskrining, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish, go‘daklarni ko‘krak suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish eʼtibor markazida.
Asosiysi, markaz va uning filiallari xodimlari ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni tuman darajasiga tushirish maqsadida har bir hududdan 2 tadan (jami 28 ta) tumanni namunaviy va ilg‘or qilishga kirishgan.
Jumladan, so‘nggi 2 oy davomida muassasa mutaxassislari 13 ta tumanda bo‘ldi.
— Maqsadimiz hududlarda yuqori texnologiyali amaliyotlarni tatbiq etish, diagnostika va davolash sifatini oshirish, skrining tadbirlarini tizimli olib borishdan iborat, — deydi Natalya Nadirxanova. — Har bir hududda vakillarimiz tomonidan o‘tkaziladigan mahorat darslari, trening va seminarlar orqali mahalliy kadrlar salohiyatini oshirishga erishyapmiz.
Joylarda ayollar uchun xavfsiz homiladorlik muhitini yaratish, salomatligi xavf ostida bo‘lgan ayollarga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, profilaktika va skrining tadqiqotlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Markaz jarrohlari mahalliy shifokorlar bilan birgalikda tumanlarda yuqori texnologik va kam invaziv jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazmoqda.
Birlamchi tibbiyot muassasalarida faoliyat yurituvchi 6000 nafar akusher-ginekolog va oilaviy shifokor uchun kaskad treninglar Qorqalpog‘iston, Toshkent shahri, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida o‘tkazildi.
Joylardagi “Onkonazorat xonalari” mutaxassislarining malaka ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminarlar esa ayollardagi saraton kasalliklari skriningini tizimli va sifatli tashkil etish va xastalikni erta aniqlab, vaqtida davolashga qaratilgan.
Aytish joizki, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan O‘zbekistondagi ilk davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi. Albatta, bu eʼtirof jamoamiz zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.
Bundan tashqari, markazimizning Xorazm va Andijon viloyatlari filiallari ham xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi. Joriy yilda ular safiga yana bir qator filiallarimiz qo‘shilishi kutilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11517 | Инструменты