Avstriya moliya vaziri O‘zbekistonga keladi
O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Avstriya federal moliya vaziri Magnus Brunner bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida bank-moliya sohasida ikki tomonlama aloqalar, xalqaro moliya institutlari doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Magnus Brunner 16-18-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishidagi ishtiroki doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Vazir, shuningdek, YeTTB Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishiga shaxsan o‘zi raislik qilishini ta’kidladi.
Shu yilning 16-18-may kunlari Samarqand shahrida aksiyadorlari 71 davlat, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Yevropa investisiya banki bo‘lgan YeTTB Boshqaruvchilar kengashining Yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli anjumanda 2000 ga yaqin xorijiy hukumat vakillari, transmilliy korporasiyalar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari va banklari rahbarlari, iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va texnologiyalar sohasidagi ekspertlar, xorijiy OAV vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbir davomida jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan tendensiyalar muhokama qilinadi, shuningdek, bank amaliyoti va moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq institusional masalalar ko‘rib chiqiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111400 | Инструменты