Huawei 1
"Biz o'zimiz hal qilyapmiz" - Akmal Saidov Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlar muhokamasining muddati 10 kunga uzaytirilganligiga izoh berdi

Bugun, 15-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda ko'plab masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish loyihasi muhokamasi yana 10 kunga, ya'ni 1-avgustgacha uzaytirilishi belgilandi.

Ushbu holatga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Akmal Saidov batafsil izoh berdi.

"O'zbekistondagi bo'layotgan Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish loyihasi nafaqat O'zbekistonda, balki dunyoda ham e'tiborga sazovor bo'ldi. 10 ga yaqin jahonning yirik davlatlarida mutassaddilar orqali turli xil tadbirlar o'tkazilib kelindi. O'zim shaxsan Jenevada o'tkazib keldim. Qiziqish katta. Men bitta narsaga hayron qoldim. Bizning islohtlarni mamlakat ichkarisidan ko'ra, tashqarisida qo'llab quvvatlashlik yuqoriroqligidan", - deya bu jarayonga izoh berdi u.  

Shuningdek, birinchi bosqichda, 26-maydan 25-iyunga qadar 62 mingdan ortiq taklif kelib tushdi. Umumxalq muhokamasi e'lon qilingandan keyin 26-iyundan boshlab 14-iyulgacha 85 mingdan ortiq taklif kelib tushgan. Umumiy qo'shganda salkam 150 ming taklif kelib tushganligi aytib o'tildi.

"Kecha men Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim bilan uchrashdim. Afsuski, bitta noto‘g‘ri fikr shakllangan ekan. Bir soat gaplashish davomida u „Nima uchun sizlar (loyiha muhokamasini) yana 10 kunga cho‘zdingizlar? Bizning fikrimizcha bu Nukus voqealariga bog‘liq“, deb aytyapti. Men unga bu mutlaqo noto‘g‘ri deb aytdim. Bu yerda bizning qo‘mitamiz raisi kundan-kunga ortib borayotgan takliflar soni xalqimizda hali loyiha bo‘yicha aytadigan fikrlari, mulohazalari bor ekanini bildiradi, deb aytdi. Xuddi shuning uchun Qonunchilik palatasi 10 kunga cho'zdi", deya aytib o'tdi Akmal Saidov.

"Bu muddatlarni uzaytirish xalqimizni xohishi bilan va e'tirozi bilan Qonunchilik palatasida e'tiborga olinyapti. Bizga birov ko'rsatma berayotgani yo'q "cho'zgin-cho'zmagin" deb. Biz o'zimiz hal qilyapmiz", - deya qo'shimcha qildi spiker.

Ushbu takliflar 22 kishidan iborat "haftada 7 kun, 24 soat, kechayu-kunduz" ishlaydigan ishchi guruh, shuningdek, yig‘ma axborot-tahlil guruhi, matbuot xizmati, konstitusiyaviy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilayotganini alohida ta'kidlandi.

"20-iyun kuni prezidentning shaxsan o‘zi menga taklif yuborgan barchaga, xoh deputat bo‘lsin, xoh oddiy fuqaroga minnatdorchilik bildirishni topshirdi. Bugun biz turli yo‘llar bilan rahmat maktublarini yuboryapmiz. SMS va meningkonstitutsiyam.uz portali orqali 41 mingdan ortiq minnatdorchilik xatlari yuborildi, call-markazi operatorlari qo‘ng‘iroq qilgan 64 mingdan ortiq fuqarolarga [o‘zgartirishlarni] qo‘llab-quvvatlayaptimi yoki yo‘qmi, o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Telegram boti orqali 18 mingdan ortiq rahmat yuborildi", dedi Akmal Saidov.

Ma'lumot o'rnida, 1992-yil Konstitutsiya muhokamaga qo'yilganda 2 oyda 6 mingta taklif kelib tushgan, bu yil 1,5 oyda salkam 150 mingta taklif kelib tushgani bu fuqarolarimiz faolligini oshganini tasdig'idir, deya ta'kidlab o'tildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51302 | Инструменты