O'zbekiston elchixonasi va Buyuk Britaniyadagi O'zbekiston talabalar ittifoqi hamkorligida Londondagi Qirollik kollejida Markaziy Osiyo yoshlari birinchi sammiti tashkil etildi.
Tadbir doirasida Markaziy Osiyo Yoshlar alyansi (Central Asian Youth Alliance)ning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Markaziy Osiyo Yoshlar alyansi Markaziy Osiyoning besh davlati talabalari va yoshlarini Buyuk Britaniyada madaniyat, ta'lim va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish maqsadida birlashtirish maqsadida tashkil etildi.
Anjuman avvalida Markaziy Osiyo Yoshlar alyansining maqsad va vazifalari to'g'risida taqdimot o'tkazildi.
Sammit ishtirokchilariga O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev, Qirg'iziston ta'lim va fan vaziri Dogdurkul Kendirbayeva, Tojikiston tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Ismatullo Nasreddin videomurojaat yo'lladilar.
So'zga chiqqanlar Markaziy Osiyo Yoshlar alyansi tuzilishiga 2023-yilda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan imzolangan yoshlar siyosati bo'yicha yagona yondashuvlar to'g'risidagi bitim asos bo'lgani qayd etdilar. Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, ushbu tarixiy hujjat yoshlar salohiyatini rivojlantirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va kelgusi avlodlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan umumiy strategiyalarni ishlab chiqish uchun xizmat qilishini ta'kidladilar.
O'zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyadagi Markaziy Osiyoda yoshlar rivojini qo'llab-quvvatlash bo'yicha maxsus BMT Ishchi guruhini tuzish tashabbusi sammitning barcha ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov o'z chiqishida, davlatimiz rahbarining xalqaro jamoatchilikka yo'llagan mazkur chaqirig'i yoshlarga investitsiya kiritish mintaqa taraqqiyoti, barqarorligi va innovatsiyalari kaliti ekanini yana bir bor tasdiqlaganini aytib o'tdi. Qayd etilganidek, ushbu tashabbus kelajakni sheriklik, o'zaro tushunish va ijobiy o'zgarishlarga intilish asosida barpo etishga xizmat qiladi.
O'zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari, erishilgan natijalar va kelgusi rejalar haqida batafsil so'zlab berildi.
Anjumanda so'zga chiqqanlar Markaziy Osiyo Yoshlar alyansi mintaqa yoshlari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, o'zaro hamkorlikning yangi yo'nalishlarini topishga va boshqa jabhalarda yoshlar uchun tayanch bo'lishiga ishonch bildirdilar.
Sammit doirasida Buyuk Britaniyadagi Markaziy Osiyo davlatlari elchilari bilan talabalar o'rtasida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'izistonning diplomatik missiya rahbarlari hamda Tojikiston elchisining o'rinbosari ishtirok etdi. Talabalar mintaqa rasmiy vakillari bilan yoshlar siyosati va Markaziy Osiyo taraqqiyotida yoshlarning o'rni haqidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish imkoniyatiga ega bo'ldilar.
Shuningdek, tadbir doirasida Markaziy Osiyodan nufuzli mutaxassislar ishtirokida onlayn formatda panel munozaralari o'tkazildi. Ularda diplomatiya, sport va ta'lim sohalaridagi muhim masalalarga e'tibor qaratildi.
"Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida ta'lim aloqalarini mustahkamlashda ta'limning o'rni" mavzusidagi panel munozarasida O'zbekiston nomidan "El-yurt umidi" jamg'armasi direktori Adham Bekmuradov, qatnashdi. Unda ta'lim dasturlari, stipendiya tashabbuslari va mintaqada talabalar o'rtasida akademik almashinuv istiqbollari xususida fikr almashildi.
"Markaziy Osiyo mintaqasini birlashtirishda sportning o'rni" mavzusidagi panel munozarasida O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi. Mazkur tadbirda sport tadbirlari va qo'shma tashabbuslarning mintaqaviy birdamlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini muhokama qilindi.
"Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida aloqalarni mustahkamlash vositasi sifatida diplomatiya" mavzusidagi panel munozarasida sobiq O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov ma'ruza qildi. Ushbu sessiyada diplomatiyaning mintaqaviy hamkorlik rivojidagi roli, mavjud muammolar va davlatlar o'rtasidagi aloqalarni kuchaytirish imkoniyatlari haqida fikr almashildi.
Tadbir yakunida Markaziy Osiyo yoshlar harakatlari yetakchilarining joriy yil may oyida O'zbekistonda bo'lib o'tadigan Global yoshlar festivalida ishtirok etishi to'g'risida kelishuvga erishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20519 | Инструменты