Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida “Davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Bugungi kunda amalda davlat mulkidan samarali foydalanilmaslik va uni ijaraga berish tartibini buzish bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari ko‘payib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilik buzilishlarini oldini olishga qaratilgan choralarni takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Shu bois senatorlar tomonidan muhokama qilingan qonun bilan davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Xususan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha modda kiritilib, unga ko‘ra davlat mulkini belgilangan tartibda ijara shartnomasi tuzmasdan ijaraga berish, ijaraga oluvchiga ijaraga berilgan davlat mulkini qabul qilib olishi, uning hududiga kirishi va foydalanishiga asossiz ravishda to‘sqinlik qilish yoki ijara shartnomasida ijaraga berilgan mulkning parametrlari va sonini kamaytirib ko‘rsatgan holda ijaraga berganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishiga asos bo‘ladi.
Ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida qayta sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Senatorlar ushbu qonun davlat mulkidan samarali foydalanilishini, ijaraga oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Muhokama yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51915 | Инструменты