Dunyoning qator mamlakatlari yetakchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Navro‘z ayyomi bilan tabrikladi. Bu haqda Pezident matbuot xizmati xabar berdi.
Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
“Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu. Navro‘z ayyomi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy qutlovlarimiz va ezgu istaklarimizni yo‘llab, Sizga sihat-salomatlik va baxt-saodat, birodar O‘zbekiston hukumati va xalqiga davomiy taraqqiyot va ravnaq tilashdan mamnunmiz”, deya tabrik yo‘lladi Saudiya Arabistoni Podshohi.
Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
“Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu. Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy qutlovlarim va ezgu istaklarimni yo‘llab, Sizga sihat-salomatlik va baxt-saodat, birodar O‘zbekiston hukumati va xalqiga yanada taraqqiyot va ravnaq tilashdan mamnunman”, deyiladi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud tabrigida.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an
“Muhtaram Prezident janoblari, aziz qardoshim. Tabiat qayta jonlangan, tuproq uyg‘ongan va umidlar kurtak otgan Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga va do‘st O‘zbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni yo‘llayman. Asrlik qadim an’anamiz Navro‘z - tinchlikning, birodarlikning va birdamlikning ahamiyatini bu yil ham eslashimizga imkoniyat yaratmoqda.
Navro‘zning dunyoda tinchlikka bo‘lgan umidning kurtak ochgani, xalqaro muloqot va hamkorlikning yangi qirralar ochgan payt xushxabarini keltirishini chin yurakdan tilab qolaman. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi chuqur ildiz otgan do‘stlik va birodarlik rishtalarining mustahkamlanishi, hamkorligimizning yanada kuchayishi bu Navro‘zda ham samimiy orzularimiz orasida.
Ushbu mazmunli kun munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik, omonlik va farovonlikka to‘la kelajak tilab qolaman”, deydi Turkiya yetakchisi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev
“Sizni va qardosh O‘zbekiston xalqini ulug‘ ayyom - Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Bu mamlakatlarimizni ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro anglashuv va hurmat an’analari bilan bog‘laydigan, shuningdek, tabiatning yangilanishi va tiklanishining ramzi bo‘lgan yorqin bayramdir. Ushbu fayzli kunda xalqlarimiz birdamlik va farovonlik yo‘lida birlashsin.
Navro‘z bayramining muqaddas qadriyatlari davlatlararo aloqalarimizni yanada rivojlantirish, xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yuksak maqsad va vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilishiga qat’iy ishonaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat, oilangizga baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman”, deya qutlov yo‘llagan Qozog‘iston yetakchisi.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov
“Hurmatli Shavkat Miromonovich! Sizni va qardosh O‘zbekiston xalqini go‘zal Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Bu yorqin va quvonchli bayram bahorda tabiat uyg‘onishi, birlik va do‘stlik, tinchlik va farovonlik ramzidir. U xalqlarimizni bog‘lab turgan ko‘p asrlik do‘stlik va o‘zaro anglashuv an’analarini ifodalaydi, umumiy tarixga asoslangan qardoshlik munosabatlarini mustahkamlaydi. Ishonchim komil, o‘zaro hurmat, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan hamkorligimiz bundan buyon ham barcha darajada birgalikdagi sa’y-harakatlar tarzida davom etib, xalqlarimizning porloq kelajagiga xizmat qiladi. Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh o‘zbek xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz”, deyiladi Sadir Japarov tabrigida.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon
“Hurmatli Shavkat Miromonovich! Xalqaro Navro‘z bayrami munosabati bilan eng ezgu va samimiy tilaklarga yo‘g‘rilgan samimiy qutlovlarimizni qabul qilgaysiz. Qadimiy tarixga ega ushbu bayram madaniy meros va ko‘p asrlik an’analarimiz mushtarakligi ifodasi sifatida uni nishonlaydigan xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni tinchlik va xavfsizlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash g‘oyalari asosida mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.
Navro‘zning boqiy bunyodkorlik an’analari bizni xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida tinimsiz sa’y-harakat qilishga undaydi. Tojikiston tomoni O‘zbekiston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi davlatlararo munosabatlarning bugungi darajasidan mamnun.
Ishonchim komil, mamlakatlarimiz ushbu qadimiy bayramning yuksak umuminsoniy qadriyatlariga tayangan holda, ko‘p qirrali munosabatlarni mazmunan boyitish yo‘lida bundan buyon ham birgalikda harakat qiladilar. Ushbu qutlug‘ kunlarda Sizga mustahkam sog‘lik va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi zafarlar, mamlakatingizning qardosh xalqiga esa baxt-saodat, farovonlik, tinchlik va barqarorlik, izchil taraqqiyot va ravnaq tilayman. Navro‘z muborak!”, deydi Imomali Rahmon.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov
“Hurmatli Shavkat Miromonovich! Xalqaro Navro‘z bayrami munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng nishonlanadigan ushbu go‘zal bayram bahorning boshlanishi va tabiatning uyg‘onishini anglatadi. Navro‘z bayrami turli xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Ushbu yorqin bayram umid ramzi bo‘lib, bugungi dunyoda insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga undaydi. Ushbu ajoyib bayram Siz va butun mamlakatingiz xalqi uchun baxt, quvonch va yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin!”, deyiladi Turkmaniston Prezidenti tabrigida.
Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov
“Hurmatli Shavkat Miromonovich! Xalqaro Navro‘z bayrami munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llash men uchun sharaf! Bahorgi tengkunlik kunlarida nishonlanadigan xalqaro Navro‘z bayrami insoniyatning eng qadimiy madaniy meroslaridan biridir. Ildizlari ming yillar qa’riga borib taqaladigan ushbu go‘zal bayram nafaqat tabiat uyg‘onishi, balki o‘zaro hurmat, tinch-totuv yashash, bir-birini anglash va mehnatsevarlik ramzidir. Ushbu qutlug‘ ayyom Siz va butun xalqingizga tinchlik, quvonch va yangi tashabbuslar olib kelsin! ”, deydi Gurbanguli Berdimuhamedov.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev
“Sizni va qardosh O‘zbekiston xalqini milliy, madaniy va tarixiy ildizlari chuqur bo‘lgan Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Ikki ming yildan buyon katta shodu xurramlik bilan nishonlanib kelinayotgan bu bayram zaminning uyg‘onishi, tabiatning yangilanishi, insoniyatning qayta tug‘ilishini anglatadi. Navro‘zi olam muborak bo‘lsin, qardosh xalqlarimiz uchun ezgu ishlarning boshlanishi bo‘lsin!
Ishonchim komil, Ozarbayjon - O‘zbekiston ittifoqi umumiy tariximiz, boy milliy va ma’naviy qadriyatlarimiz, xalqlarimizning qardoshligi va birdamligiga tayangan holda bundan buyon ham rivojlanib, sa’y-harakatlarimiz bilan mustahkamlanib boraveradi. Ushbu qutlug‘ ayyomda Sizga va oilangizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston Respublikasi va uning xalqi farovonligi yo‘lidagi faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman”, deya tabriklaydi Ilhom Aliyev.
Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon
“Tabiatning uyg‘onishi, yaxshi kelajakka umid hamda hijriy-shamsiy yangi 1404 yilning boshlanishi chog‘i bulmish ulug‘ va qadimiy Navruz bayrami bilan Siz Janobi Oliylarini hamda mamlakatingizning aziz xalqini chin yurakdan tabriklayman. Bahor tabiatdagi muvozanat nuqtasi hamda mehr-oqibat, yakdillik va yangilanish pallasidir. Hijriy-shamsiy yangi yilda ikki davlat munosabatlarida hamda xalqlarimiz hayotida ajoyib o‘zgarishlarning guvohi bo‘lamiz, deb umid qilaman. Qodir Egamdan Siz Janobi Oliylariga sog‘lik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston Respublikasi xalqiga baxt-saodat va farovonlik, Navro‘z madaniyati mintaqasi davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlariga esa yanada rivojlanish tilab qolaman”, deyiladi Mas’ud Pezeshkiyon tabrigida.
Shuningdek, quyidagilar o‘z qutlovlarini yo‘llagan:
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Nurlan Yermekbayev;
Turkiy Davlatlar Tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;
Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Asad Majid Xon.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32204 | Инструменты