Huawei 1
Endilikda davlat yordami berilishiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Raqobat qo‘mitasi bilan majburiy tartibda kelishiladi

Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining faoliyati yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Muhokama markazida bo‘lgan qonun bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

2023-yilda Raqobat qo‘mitasi vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan tovar va moliya bozorlaridagi raqobat masalalariga oid 614 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining 142 tasida davlat yordami, yaʼni xo‘jalik yurituvchi subyektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari kabi imtiyozlar beruvchi normalarni aniqlagan.

Bundan tashqari, Raqobat qo‘mitasi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlari qabul qilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi o‘rganilganda 717 ta qonun buzilishi holati aniqlangan.

Shu bois “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan kelishishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, ushbu qonun bilan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritilib, unga muvofiq qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llashda xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan yengillik berilmoqda.

Jumladan, iqtisodiy jihatdan past taʼsir darajasiga ega bo‘lgan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishini birinchi marta sodir etgan xo‘jalik yurituvchi subyektga bunday huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish berilishi va unga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.

Muhokamalar jarayonida taʼkidlanganidek, ushbu qonun raqobat sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro muvofiqlashtirilishiga, tovar va moliya bozorida sog‘lom raqobat muhitining taʼminlanishiga hamda tadbirkorlik subyektlariga nisbatan choralar ko‘rilishida adolatning qaror topishiga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51110 | Инструменты