Prezident Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvi bo'lib o'tmoqda.
Yangi tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” uchun, ayniqsa, ular faoliyat boshlagan birinchi yilda qo‘llab-quvvatlash juda muhimligi taʼkidlandi.
Masalan, oxirgi uch yilda 17,5 ming korxona tashkil etilganiga bir yil to‘lmasdan tugatilgan. Ayniqsa, Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Jizzax viloyatlari masʼullari yangi korxonalar bilan ishlashda eng orqada ekani ko‘rsatib o‘tildi.
"Bundan buyon, tadbirkorlikka endi qadam qo‘yganlar uchun “birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi. Yaʼni, ilk bor maʼmuriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish uchun imkoniyat beriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi ish boshlagan tadbirkorlar birinchi xato uchun “javobgarlikdan sug‘urtalangan” bo‘ladi", - dedi prezident.
Hozirda barcha toifadagi tadbirkorlarga faoliyatini tugatish uchun bir xil talab belgilangan. Yaʼni, kattami-kichikmi, barchasi moliyaviy auditdan o‘tishga majbur. Oqibatda, ixtiyoriy tugatishga ariza bergan minglab kichik korxonalar qachon tekshiruvchi kelib, auditdan o‘tkazishini kutib turibdi.
Shu bois bu jarayon ham soddalashishi eʼlon qilindi. Oxirgi uch yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshmagan, soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi.
2028 yil 1 yanvarga qadar QQS va foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilab qo‘yilgan.
"Endilikda kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy eʼlon qilinadi.
Fermerlar uchun ham muhim yangilik – soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trillion so‘mlik penyani undirishdan voz kechiladi", - dedi prezident.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91305 | Инструменты