Fuqarolar hokimiyat organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin bo'ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev maʼmuriy odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollariga bagʻishlangan taqdimot bilan tanishdi. Unda sohani rivojlantirishning navbatdagi bosqichida ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy talablar asosida 15 ga yaqin yangi huquqiy institutni joriy etish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Hozirgi tartibga ko‘ra, fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlarining buzilgan huquqlarini tiklash uchun ma’muriy sudlarga faqat bitta shaklda murojaat qilish imkoniga ega. Taklif etilayotgan islohotlar natijasida esa fuqarolarga huquqi buzilishidan oldin uning himoyasini proaktiv tarzda ta’minlash uchun sharoit yaratiladi. Bunda sudga murojaat qilishning to‘rt turdagi da’vo shakli joriy etish nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, sudga murojaat qilish uchun belgilangan amaldagi 6 oylik muddat qayta ko‘rib chiqiladi. Fuqarolarga davlat organi tomonidan qonunbuzilish holati sodir etilganligini tan olish yuzasidan sudga muddatsiz murojaat qilish imkoniyatini yaratish taklif etildi.

Amalda mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjati bilan fuqaroning huquqi buzilgan taqdirda bunday hujjat ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilish imkoniyati mavjud emas. Endilikda fuqarolarga mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan bevosita sudga shikoyat qilish huquqini berish taklif etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasiga muvofiq, davlat organlari tomonidan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak.

Shundan kelib chiqib, ma’muriy sudlarning vakolatlarini kengaytirish, ularga fuqarolar va tadbirkorlarga ta’sir choralarini qo‘llashda davlat organlari diskretsion vakolatlardan qonuniy va asosli foydalanganini tekshirish vazifasini yuklash nazarda tutilmoqda.

Sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan choralar ham nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, davlat organining mansabdor shaxsiga sud qarorini ijro etmagani uchun jarima qo‘llanilganidan keyin ham qaror takroran ijro etilmasa, sud qonuniy chora ko‘rish uchun prokurorga xabar beradi.

Prezidentimiz taklif etilayotgan huquqiy institutlar inson huquqlari qoʻpol buzilgan hollarda ularni sud orqali samarali tiklash, Konstitutsiyada belgilangan mutanosiblik prinsipining amalda toʻlaqonli ishlashini taʼminlash, davlat idoralari masʼuliyatini oshirish hamda sud qarorlarining muqarrar ijrosiga xizmat qilishi kerakligini taʼkidlab, bildirilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92318 | Инструменты